Bu yil sayyoramizning juda ko‘p mintaqalarida qahraton sovuq har yilgidan ham kuchliroq bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ob-havoshunoslarning ma’lum qilishicha, Meksikada shu kunlarda harorat bir darajagacha tushib ketishi mumkin. Gap shundaki, haroratning 1 darajaga tushib ketishi meksikaliklar uchun avval kuzatilmagan anomal ob-havo holati hisoblanadi. Bundan tashqari, mamlakatning ayrim hududlarida muzlagan yomg‘ir yog‘adi, deyiladi «Rossiya 24» bergan xabarda.
Xabarda ta’kidlanishicha, Meksika hukumati muhtojlarga issiq ovqat va ko‘rpa-to‘shaklar tarqatishni boshlagan. Shaharliklarga imkon qadar uyda qolish, issiqroq kiyinish va dastlabki shamollash alomatlari kuzatilsa shifokorlarga murojaat qilish tavsiya qilinmoqda.
Meksikaning shimolida kuzatilayotgan sovuq tufayli hozirgacha kamida 26 kishi vafot etgani, 70 kishi isinish jarayonida is gazidan zaharlangani yoki kuyish jarohatini olgani aytilmoqda.