bugungi kunda elektr energiyasi tanqisligi butun dunyoni tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biriga aylangan. Shu bois qayta tiklanadigan energiya manbalari mavzusi faqat mutaxassislarni emas, balki oddiy odamlarni ham qiziqtirmoqda. Zero, iqlim inqirozini to‘xtatish uchun mamlakatlar imkon qadar tezroq yashil texnologiyalarga o‘tishi davr talabidir.
Qayta tiklanadigan energiya manbalari tarixiga nazar
Ma’lumki, qayta tiklanadigan energiyaning eng ko‘p tilga olinadigan turlari – quyosh, shamol va suv energetikasi. Ma’lumotlarga ko‘ra, insonning shamoldan foydalana boshlashi antik davrlarga borib taqaladi. Bu o‘rinda 5500 yil avval qadimgi Misr, Gretsiya va boshqa sivilizatsiyalar foydalangan yelkanli kemalarni eslash kifoya. Shamol tegirmonlari asrlar davomida Sharqda – Xitoy, Fors zaminida va boshqa yurtlarda ishlatilgan. Faqat X-XII asrlarga kelib Yevropaga ko‘chgan. Shamol energetikasi rivojida burilish nuqtasi 1973 yil bo‘ldi. O‘shanda yetkazib beruvchilar tomonidan embargo e’lon qilingan va neft narxi keskin ko‘tarilgan. Natijada muqobil energiya manbalariga qiziqish kuchaygan. 1980 yil AQSHda 20 turbinaga mo‘ljallangan dunyodagi birinchi shamol stansiyasi ochildi.
Quyosh batareyalari, ya’ni yorug‘likni elektrga aylantirish ta’sirini o‘rganish dastlab fransuz fizigi Aleksandr Edmond Bekerel tomonidan 1842 yilda kashf etildi. Charlz Fritts nurni elektrga aylantirish uchun kimyoviy unsur — selendan foydalanishni taklif qildi. Quyosh batareyalarining dastlabki prototipi italiyalik olim Jakomo Luiji Chamichyan tomonidan yaratilgan.
Oradan qariyb bir asr vaqt o‘tib, aniqrog‘i, 1948 yil 25 martda “Bell Laboratories” tomonidan elektr toki ishlab chiqarishga mo‘ljallangan birinchi quyosh batareyasi yaratildi. Ayni payt AQSH, Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlar quyosh energiyasini faol rivojlantirmoqda.
Janubiy Koreya ham qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishda ilg‘or
Qayta tiklanadigan energiya ulushi o‘sib borishi bo‘yicha Janubiy Koreya yuqori o‘rinlarda bormoqda. 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishish rejasi birinchilardan bo‘lib Seul tomonidan e’lon qilindi. Shahar issiqxona gazi emissiyasini nolga tushirish yo‘lida ikki muhim maqsadni ko‘zlagan: emissiyani 2030 yilgacha 40, 2040 yilga kelib 70 foizga qisqartirish.
Seul inson, tabiat va kelajak texnologiyalari uyg‘un holda yashaydigan barqaror shahar taraqqiyoti modelini o‘zida mujassamlashtirishga qaror qildi. Buning uchun energiya tejovchi binolar quriladi, harakat yaxshilanadi. Maydonlar ko‘kalamzorlashtirilib, toza energiyadan foydalanish joriy qilinadi, chiqindi samarali boshqariladi.
Yashil energiyani rivojlantirish chora-tadbirlari Seulning 2050 yilgacha iqlim neytralligiga erishish rejasining ajralmas qismiga aylandi. Janubiy Koreya poytaxtida qayta tiklanadigan energiya manbalarini shahar makoniga joriy etish bo‘yicha dunyodagi eng yirik loyihalardan biri – “Quyosh shahri-2022” amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, nega Seul qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaror qildi?
Seulning quyosh energiyasini rivojlantirish dasturi 2017 yil, uglerod neytralligi rejasi e’lon qilinishidan oldin ishlab chiqilgan. Ushbu qarorning bir necha asosiy sababi bor.Birinchisi – havo ifloslanishi. O‘n million kishilik Seulda havoning ifloslik darajasi mamlakatda eng yuqori. Qazib olinadigan yoqilg‘ida ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarini quyosh energetikasi ob’ektlari bilan almashtirish havo ifloslanishi ko‘rsatkichini keskin tushiradi. Zero, quyosh elektr stansiyalarining ishlashi nafaqat issiqxona gazi, balki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan boshqa moddalar kamayishiga sabab bo‘ladi.
Yana bir sabab – yadro energetikasi xavfidan qochish. Ma’lumki, 2011 yil Yaponiyadagi Fukusima-1 atom elektr stansiyasidagi avariya oqibati Koreya jamiyatini ham atom energetikasi xavfi haqida o‘ylashga majbur qildi va xavfsizroq, toza energiya manbalariga talab ortishiga olib keldi. 2012 yil Seul ma’muriyati fuqarolik jamiyati ishtirokida atom energiyasiga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha “Bir atom elektr stansiyasi” loyihasini ishlab chiqdi. Atom energiyasidan bosqichma-bosqich voz kechish ssenariylari milliy darajada muhokama qilina boshladi. Seul ushbu loyihani energiya samaradorligi va tejash, energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiyani qurish dasturlari orqali amalga oshira boshladi. Natijada neft ekvivalentida 6,87 million tonna yoqilg‘ini tejash imkoni paydo bo‘ldi. Bu siyosat Seulda quyosh energiyasiga o‘tish dasturining muhim bosqichi edi.
Seul qanday qilib quyoshli shaharga aylanadi?
Seul “Quyosh shahri-2022” loyihasi uchun 1.5 milliard dollar ajratdi. Bu asosan davlat investitsiyasi hisoblanadi. Loyihaning iqlimiy maqsadi poytaxtni har yili 544 ming tonna CO2ye issiqxona gazini kamaytirishga qodir o‘zini o‘zi ta’minlaydigan toza energiya shahriga aylantirishdir.
Ushbu rejani amalga oshirish uchun shahar ma’muriyati Seuldagi barcha jamoat binolari va turar-joylarning chorak qismini kichik quyosh elektr stansiyasi bilan jihozlashga qaror qildi. Ushbu panellar poytaxtda iste’mol qilinadigan elektr energiyasining, taxminan, 10 foizini ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan. Quyosh panellari turli ma’muriy va jamoat binolari, maktab, universitet, kasalxonalar, o‘t o‘chirish stansiyalari, ibodatxonalar, bog‘lar, avtoturargoh va boshqa qulay joylarda paydo bo‘la boshladi. Masalan, Seulning qoq o‘rtasida – Kvanxvamunning markaziy maydonida chiroqlar, skameykalar va hatto, axlat qutilarida quyosh modullarini ko‘rish mumkin.
Yana bir qiziq ma’lumot. Janubiy Koreyada katta magistral o‘rtasida 32 kilometrga cho‘zilgan quyoshli velosiped yo‘li yaratildi. Bu nafaqat velosipedchilarni quyosh nuridan himoya qiladi, balki avtomagistralni yoritish, elektr transport vositalarini zaryadlash stansiyalari bilan ta’minlash uchun yetarli yashil elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Seul hukumati o‘zaro bog‘langan va bir-birini mustahkamlovchi chora-tadbirlar majmuasi orqali shaharning quyosh energiyasini o‘zgartirishga yordam berishga qaror qildi. Bu hujjat bilan binolarga quyosh modullarini o‘rnatish uchun shahar byudjetidan pul ajratildi, moslamalarni deraza va binolar tashqi devoriga joylashtirishga ruxsat berildi. Fuqarolarga uy-joy quyosh elektr stansiyalarini ijaraga olishga doir maxsus imtiyozli sxema taklif etildi. Bu asbob-uskunani aholi uchun ancha arzonlashtirdi. Shuningdek, shahar hokimligi yangi qurilayotgan uylarga quyosh paneli o‘rnatishni buyurdi. Qurilganlarida esa shahar byudjetidan panel joriy qilish uchun subsidiya ajratiladi.
Eng muhimi, binolar tomi va fasadida quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatish va tarmoqqa ulashning byurokratik tartibi soddalashtirildi. Shaharning foydalanilmayotgan yerlari quyosh batareyasidan keng miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun xususiy investorlar va energetika kooperativlariga ijaraga berildi. Shaharda quyosh elektr stansiyalari energiyasi uchun maxsus to‘lov tarifi joriy etildi. Buning yordamida panel o‘rnatgan aholi endi nafaqat elektr energiyasi uchun to‘lov mablag‘ini tejash, balki ortiqcha elektr energiyasini sotishdan ham daromad olishi mumkin. Energetika startaplari maktabi ochildi. Bunday muassasalarda quyosh energiyasi sohasida biznes ochishni rejalashtirganlar bepul o‘qitiladi.
“Solar City-2022” Seulning keyingi energiyaga o‘tish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri, xolos. 2050 yilga borib quyosh energiyasidan olinadigan elektr energiyasi ulushini besh barobar oshirish, umumiy o‘rnatilgan quvvatni 5 GVtga yetkazish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda bu borada qanday ishlar amalga oshrilmoqda? Seul tajribasidan qanday foydalanish mumkin?
Yurtimizda ham qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hukumat va davlat rahbari tomonidan ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilinyapti. Kuni kecha Prezidentimiz rahbarligida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish, aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Qayd etilishicha, ijtimoiy ob’ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun tashkil etiladigan alohida kompaniyaga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi va byudjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi.
Shu bilan birga energiya resurslarini iqtisod qilish choralari ko‘rsatib o‘tildi. Aholining quyosh energiyasidan foydalanishi uchun jozibador tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Davlatimiz rahbari yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tish kerakligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, сўнгги 3.5 yil ichida xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda quvvati 2 897 megavattga teng quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha 10 ta bitim imzolandi. Umumiy qiymati, qariyb, 3 milliard dollarni tashkil etadigan loyihalarning bari chet el kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joiz, yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish sur’atini oshirish bo‘yicha dadil qadamlar tashlanmoqda. Xususan, 2021 yil avgust oyida Navoiy viloyati Karmana tumanida birinchi 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. 2022 yil may oyida Samarqand viloyati Nurobod tumanida ham xuddi shunday ikkinchi stansiya ishga tushirildi. Shuningdek, 2023-2024 yil yakuniga qadar quvvati 1 197 megavatt bo‘lgan 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi.
E’tiborli jihati, tizimli ishlar natijasida 2026 yilga borib O‘zbekistonda quvvati 8 000 megavattli quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalari ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Yaqinda bu sohada yana bir tarixiy qadam tashlandi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh paneli yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olinishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Davlat xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh paneli va quyosh-suv isitish qurilmasini o‘rnatishda jismoniy shaxslarga bir qator imtiyozlar joriy qilmoqda. Jismoniy shaxs quyosh paneli va quyosh-suv isitish qurilmasini onlayn sotib olishi uchun platforma ishga tushirildi.
– Jamg‘arma tomonidan 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab fuqarolarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish imkonini beruvchi onlayn elektron platforma (Energymarket.uz) ishga tushirildi, – deydi Energetika vazirligi xuzuridagi Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Obid Ahmedov. – Bu tizim orqali fuqarolardan 64.1 milliard so‘mlik ariza kelib tushgan. Platforma ishga tushgandan buyon qurilma ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 56 fuqaroga 139 kVtlik Quyosh elektr stansiyasi va 3 906 litrlik Quyosh-suv isitgichini kompensatsiya tarzida ajratish yoki bo‘lib to‘lash sharti bilan shartnoma imzolanib, jamg‘arma tomonidan moliyalashtirib kelinmoqda. Energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, muqobil energetikani rivojlantirish maqsadida tijorat banklariga “yashil energiya” kredit liniyasi ochilgan. Mamlakatdagi yirik davlat tijorat banklari bilan jami 305.0 milliard so‘m miqdorida bosh bitimlar imzolandi.
Bir so‘z bilan aytganda “Yashil energiya”, “Yashil iqtisod” tushunchalarini xalqimiz ongiga singdirish, buning afzalligi, tabiat va insoniyat uchun qulayligini doimiy ravishda tushuntirib borish kerak. Yashil energiya tizimiga o‘tish mushkul, biroz qimmat ham bo‘lishi mumkin. Binobarin, sohani rivojlantirish, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz obodligini ta’minlash yo‘lida ekologik toza energiya vositalaridan oqilona foydalanish uchun yurtimizda barcha imkoniyat mavjud.
Go‘zal Sattorova, O‘zA