O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda ularning natijalarini chop etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Mazkur qaror yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish, hududlarda qurg‘oqchilik va cho‘llanishning oldini olish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, degradatsiya (tabiiy – qurg‘oqchilik, relef xususiyatlari, yog‘inlar miqdorining me’yordan ortishi, suv toshqinlari, kuchli shamollar, tabiiy yong‘inlar, botqoqlashish va antropogen – tog‘-kon sanoati, muhandislik kommunikatsiyalarini qurish; sun’iy yong‘inlar, noto‘g‘ri chorvachilik va dehqonchilik, samarasiz irrigatsiya, o‘rmonlarning kesilishi, shaharlarning kengayishi va boshqa omillar ta’siri)ga uchragan yerlarni qayta tiklash, ushbu yo‘nalishda ilg‘or ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalardan keng foydalanish imkonini beradi.

Nizomda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda natijalarni chop etish tartibi ham belgilab berilgan.

O‘bekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Fanlar akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari  yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadilar.

Davlat va nodavlat tashkilotlarga respublika hududi bo‘yicha ma’lumotlar hamda hisobotlar, yerlar degradatsiyasi va ularga qarshi kurashish tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Yer degradatsiyasi” geoaxborot tizimi orqali taqdim etiladi.

O‘zA