Jahon savdo tashkiloti (JST)ga qo‘shilish O‘zbekiston uchun muhim maqsadlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun milliy qonunchilik tashkilot bitimlariga uyg‘unlashtirilmoqda.

Adliya vazirligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlari bo‘yicha xalqaro ekspert M.Bordalba bilan uchrashuvda shu masala muhokama qilindi.

Adliya vaziri o‘rinbosari A. Karimov milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalasi O‘zbekistonni JSTga qo‘shilishi jarayonidagi asosiy yo‘nalishlardan biri ekanligini qayd etdi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Adliya vazirligi rahbarligida Milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tashkil etilgan. Amaldagi qonunchilik hujjatlari JST bitimlariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazilib, tahlil qilingan holda ularni muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xalqaro ekspert O‘zbekiston hukumati tomonidan JSTga qo‘shilish bo‘yicha, xususan milliy qonunchilikni uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi.

Ishchi guruh a’zolarini qiziqtirgan savollarga javoblar hamda tegishli tavsiyalar berildi.

 

                                                                                     O‘zA