O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi va University Utara Malaysia – Malayziyaning Utara universiteti hamkorligida ishga tushirilgan rahbar kadrlar tayyorlash dasturining dastlabki bosqichi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Malayziya davlatida tashkil etilgan “Certificate in Advance Islamic Banking and Finance (CAIBF) 2023” deb nomlangan ushbu ijro dasturining maqsadi mamlakatimizda islom bank ishi va moliyasini yanada rivojlantirish uchun inson resurslarining bilim va malakasini oshirish.

Ushbu dasturda Akademiya tinglovchilari, tijorat banklari rahbarlari, soliq idoralari xodimlari va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari vakillaridan iborat 21 nafar delegat ishtirok etgan.

Ularga Malayziya tajribasiga asoslangan “Islom bank ishi va moliyasi amaliyoti” mavzusi nazariy bilim va amaliyot bilan hamohang tanishtirildi. Islom ijtimoiy moliyasi va uning iqtisodiyotdagi ahamiyati ortib borayotgani haqida yangi tushunchalar berildi.

Trening davomida “Muamalat, islom bank ishi va moliyasi asoslari”, “Deduksiya usuli, “Shariat maqosidi”, “Islomiy boshqaruv asoslari”, “Elektron to‘lov tizimlari”, “Islom banki qoidalari”, “Halol biznes va turizm”, “Takoful” mavzulari bo‘yicha ma’ruzalar o‘tkazildi.

Islamic Business School (IBS) universiteti professori dastur nafaqat ishtirokchilarga yangi bilim beradi, balki Malayziya va O‘zbekiston tajribasini o‘zaro o‘rganishga qaratilgan xalqaro amaliyot vazifasini ham o‘tashini ma’lum qildi.

Dasturning eng yuqori cho‘qqisi – “Business Plan Challenge (BPC)”da delegatlar to‘plagan bilimini respublikamizda qo‘llash bo‘yicha g‘oyalarini taqdim etdi. Mazkur treninglar yakunida hamyurtlarimizga maxsus xalqaro sertifikatlar topshirildi.


B.Xudoyberdiyev, O‘zA