Kuni kecha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov bilan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska o‘rtasida kechgan uchrashuvda 2022 yilda raqamli iqtisodiy diplomatiya sohasida Tashqi ishlar vazirligi salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma loyiha yakunlari sarhisob qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha doirasida xorijiy hamkorlarga tarqatish uchun Yangi O‘zbekistonning faol iqtisodiy diplomatiyasi konsepsiyasi hamda “New Uzbekistan: Seizing Opportunities” risolasi ishlab chiqilgan.

Tashqi ishlar vazirligi yosh diplomatlari uchun xalqaro ekspertlar ishtirokida iqtisodiy diplomatiya ko‘nikmacini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv seminari hamda “English for Professionals in Economic Diplomacy” maxsus ingliz tili kursi ham tashkil etilgan.

Shuningdek, yurtimizning iqtisodiy hayotidagi so‘nggi o‘zgarish, amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy biznes uchun yangi imkoniyatlar haqida raqamli dayjestlar tayyorlandi. Suhbat chog‘ida dayjestlar xalqaro ishbilarmon doira va diplomatik korpus vakillariga tarqatilgani tilga olindi.

– Loyiha doirasida iqtisodiy diplomatiyaga bag‘ishlangan telegram kanal ishga tushirildi, ayni paytda obunachilar soni uch mingdan ziyod. “Iqtisodiy diplomatiya” interaktiv veb-portali yakunlanish bosqichida. Mazkur platforma xorijiy kompaniyalar va mahalliy tadbirkorlarni axborot bilan ta’minlashga qaratiladi, – deyiladi TIV xabarida.

M.Dimovska so‘nggi yillarda O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik yo‘liga o‘tganini, bu esa Markaziy Osiyoga ham kuchli ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi. BMT Taraqqiyot dasturi diyorimizning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi qat’iyligini olqishlaydi.

BMT Taraqqiyot dasturi istiqbolli loyihalarni, jumladan, mamlakatimizda boshlangan ma’muriy islohotlar doirasida amalga oshirish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA