Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, Soliq kodeksining 408-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan, savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun amaldagi tartib saqlab qolingan holda ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizida to‘lanishi, boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasi ikkinchi qismiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarning tomorqa yer uchastkasi maydoni hamda chorva va parranda bosh soniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlanib, faoliyat turlari kengaytirilgan holda chorvachilik, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’i nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan yig‘ilishda qo‘mita a’zolari tomonidan qonun loyihasi dastlabki tarzda ma’qullanib, Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishi muhokamasiga kiritishga tayyorlashga kelishildi.

O‘zA