Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasining yil sarhisobi va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘tgan vaqt ichida, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.

Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi o‘tgan 2022 yil davomida 5 ta asosiy yo‘nalish(komissiya faoliyatini samarali tashkil etish, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlari, amaliy tadbirlar va targ‘ibot, xalqaro hamkorlik)ga o‘z faoliyatida ustuvor vazifa sifatida qarab, faoliyat olib bordi.

Qonun loyihalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish Komissiya faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Komissiya tomonidan qonun loyihalariga yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalarini inobatga olgan takliflar berish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida komissiya tomonidan 30 dan ortiq qonun loyihalari yuzasidan 60 ga yaqin asoslantirilgan takliflar tayyorlandi.

Hisobot davrida komissiya tomonidan Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan nazorat-tahlil tadbirlari amalga oshirildi. Nazorat tahlil tadbirlari davomida hududlarga chiqqan holda o‘rganishlar tashkil etildi.

2 marotaba qonun va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holati joylarga chiqqan holda o‘rganildi, 3 marta komissiya va qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishlarida davlat hokimiyat va boshqaruvi organlari rahbarlarining axboroti eshitildi, komissiyaning ish rejasida belgilangan 7 ta o‘rganish olib borildi va uning natijasida 2ta deputatlik so‘rovi chiqarildi.

Tadbirda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi masalalar komissiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlanib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.

O‘zA