Poytaxtimizda tennis bo‘yicha “Devis kubogi” jahon saralash bosqichidan o‘rin olgan O‘zbekiston – AQSH terma jamoalari o‘yini oldidan qur’a tashlash marosimi va matbuot anjumani tashkil etildi.

“Devis kubogi” saralash bosqich o‘yinlari poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari maktabining yopiq kortlarida 3-4 fevral kunlari o‘tkazilishi aytildi. Katta tajribaga hamda ITF reytingida yuqori o‘rinda turuvchi amerikaliklarga qarshi bahslarda mahoratli tennischimiz Denis Istomin kortga chiqmasligi ma’lum qilindi.

–AQSH jamoasi xalqaro tennis olamida kuchli jamoalardan biri sanaladi, – deydi Respublika olimpiya zaxiralari maktabi direktori Samig‘ Obidov. – Toshkent kortlarida o‘z mahoratini namoyish etishga tayyorlanayotgan amerikalik tennischilar bundan ikki kun muqaddam yakunlangan Avstraliya open turnirida qatnashib keldi. AQSH terma jamoasi bilan uchinchi marta to‘qnash kelishimiz. Ikki marta mag‘lubiyatga uchraganmiz. Ishonamizki, yosh tennischilarimiz AQSH jamoasiga munosib o‘yin taktikasini namoyish etadi. Muhimi, irodali bahs yuritish uchun yigitlarimizning kayfiyati baland.

– Yaqinda Quvaytda o‘tkazilgan turnirda ikkinchi o‘rinni egalladim. Katta tajriba to‘pladim. O‘ylaymanki, Quvayt musobaqalarida olgan ko‘nikmam “Devis kubogi”da yordam beradi. G‘alaba uchun harakat qilamiz, – deydi iste’dodli tennischimiz Humoyun Sultonov.

Qur’a natijalariga ko‘ra, ertaga 3 fevral kuni o‘tadigan ilk uchrashuvda hamyurtimiz Sergey Fomin AQSH vakili Makkenzi Makdonald, Humoyun Sultonov Tommi Pol bilan bahs olib boradi. 4 fevral kuni o‘tadigan o‘yinlarning yakkalik bellashuvlarida Sanjar Fayziyev (O‘zbekiston) – Ostin Kraychek (AQSH), Sergey Fomin (O‘zbekiston) – Rajeyev Ram (AQSH) ro‘baro‘ kelsa, juftlik o‘yinlarda Sergey Fomin/Humoyun Sultonov tandemi Tommi Pol/Makkenzi Makdonald bilan kuch sinashadi.

Ta’kidlash lozim, “Devis kubogi”ning ushbu bosqichida zafar quchgan jamoa 1/16 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Ya’ni, jahon saralashida muvaffaqiyat qozongan mamlakat tennischilari 2023 yilgi final tomon yo‘l oladi. U yerda ushbu jamoa o‘tgan yilgi kubok g‘olibi va 2-o‘rin egalari, shuningdek 16 mamlakatning ikkita “Wildcard” o‘yinlari qatoridan joy oladi.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA