Belgradda imkoniyati cheklangan insonlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan shaxmat olimpiadasining 3-tur bahslari ortda qoldi.

O‘zbekiston terma jamoasining matonatli va irodali shaxmatchilari oq donalarda Germaniya terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi.

Deyarli teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda avvaliga Sirojiddin Zayniddinov raqibini mag‘lub etdi. Sardorbek Mamajonov durangga erishdi. Marsel Shoyusupov kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. O‘zbekiston-Germaniya “dueli”dagi natija qay ko‘rinishda bo‘lishi Kimsanboyev-Mekus qarama-qarshiligiga bog‘liq bo‘lib qoldi.

Shunday murakkab vaziyatda Ahadxon Kimsanboyev germaniyalik Manuel Mekus bilan chiroyli va kombinatsion o‘yin namoyish qildi. Bitta shaxmat donasini qurbon qilish evaziga g‘alaba ta’minlandi. 2,5:1,5 ko‘rinishida turnirning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan nemis shaxmatchilari mag‘lub etildi.

Ushbu natijadan keyin O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoadagi joylashuvini yanada mustahkamlab oldi.

Turnir jadvalini 3-tur natijalariga ko‘ra, biron marta mag‘lubiyatga uchramagan Hindiston, Filippin, Polsha jamoalari boshqarib bormoqda. Ulardan keyingi o‘rinlarni 2 tadan g‘alaba va 1 tadan mag‘lubiyatga ega 9 ta terma jamoa egallab turibdi. Aynan ushbu to‘qqizta jamoadan biri irodali shaxmatchilarimiz jamoasi hisoblanadi.

Bugun I shaxmat olimpiadasi 4-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda hamyurtlarimiz Serbiya-1 jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Shuningdek, turnirda yetakchilik qilayotgan Filippin-Polsha, Hindiston-Vengriya, Isroil-FIDE jamoasi, Bangladesh-Kuba kabi jamoalar kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, turnir 6 turdan iborat bo‘lib, imkoniyati cheklanganlar o‘rtasidagi shaxmat olimpiadasining g‘olib va sovrindorlari 5 fevral kuni aniqlanadi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA