“Turkiya Prezidenti lavozimiga takroran nomzodimni ko‘rsatishga hech qanday to‘siq yo‘q. Bu haqda bahs yuritish shart emas, deb hisoblayman. Bu, suvni loyqalatishga urinish”, – deya ta’kidladi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an TRT telekanaliga bergan intervyusida.

Turkiya muxolifatchilari vakillari Erdog‘anning prezidentlikka qaytadan nomzodini qo‘yishi konstitutsiyaga zid, chunki uning joriy prezidentlik muddati hisob bo‘yicha ikkinchisi bo‘ladi, demoqda. Ammo Turkiya hukumati 2017 yilda bo‘lib o‘tgan konstitutsiya islohotidan keyin Erdog‘anning prezidentlik muddati yo‘qqa chiqqanini ro‘kach qilmoqda. Turkiya Prezidentining fikricha, muxolifat saylovda mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqmoqda, shu bois ushbu mavzuni endi ko‘tarib chiqmoqda.

Turkiya Adliya vaziri Bakir Bozdog‘ ham Erdog‘anning prezidentlikka nomzod ko‘rsatishiga hech qanday qonuniy to‘siq yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, Erdog‘an uchun hozirgi prezidentlik muddati Turkiyaning 2018 yilda prezidentlik boshqaruviga o‘tganidan keyingi birinchisi hisoblanadi. Turkiyada Prezident saylovi joriy yilning may oyida bo‘lishi kutilmoqda.