Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘shtepa tumani “Oqtepa” kichik sanoat zonasidagi “Global Tekstayl infiniti” korxonasida respublika paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari bilan muloqot o‘tkazmoqda.

–  Mana bugun ushbu yangi korxonada nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki hududiy sanoatning ham haqiqiy “drayverlari” bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlari vakillari bilan uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Ushbu “ochiq muloqot”ni ancha oldin o‘tkazishni reja qilgan edim. Bugun sizlar bilan vodiydagi paxta-to‘qimachilik sanoati ahvoli, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha ochiq-oydin gaplashib olamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Men ushbu uchrashuvni o‘tkazish uchun, bejizga vodiyni tanlaganim yo‘q. Chunki, eng unumdor yerlar ham, eng tajribali va mehnatkash dehqonlar ham, paxta-to‘qimachilik sanoatida respublikaning “liderlari” ham – Farg‘ona vodiysida.

Misol uchun, o‘tgan olti yilda vodiyda 35 ta klaster tashkil etilib, 670 million dollarlik 150 dan ortiq yirik loyiha ishga tushdi.

Andijonda – 210 million dollarlik 62 ta, Namanganda – 225 million dollarlik 33 ta va Farg‘onada – 225 million dollarlik 55 ta loyiha.

Bu davrda klasterlar tomonidan 70 mingdan ziyod doimiy yangi ish o‘rinlari yaratildi.

O‘tgan uch yilda vodiyda tayyor tekstil mahsulot ulushi 9 foizdan 33 foizga oshdi.

Ushbu viloyatlar hissasiga respublika bo‘yicha jami ishlab chiqarilgan ip-kalavaning 38 foizi (2022 yilda 352 ming tonna), eksportning 43 foizi (1,4 milliard dollar) to‘g‘ri keladi.

 

O‘zA