Xorvatiyada erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha yilning ilk nufuzli musobaqasi – “Zagreb Open” xalqaro turniri tashkil etilmoqda.

Sport kurashlari bo‘yicha reyting ochkolar taqdim etadigan xalqaro turnirda yurtimizning 8 nafar yunon-rum va 9 nafar ayollar kurashi vakillari qatnashmoqda. Biroq, turnirda erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ishtirok etmayapti.

Ushbu turnirda erkin kurashchilarimiz nega ishtirok etmayotganligi xususida O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Olim Hikmatov quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Zagrebdagi turnir sportchilar reytingini belgilaydi. Lekin Parij-2024 Olimpiadasida qatnashish ochkolarini taqdim etmaydi. Qolaversa, Olimpiada yo‘llanmalarini sport kurashlarida alohida turnir va chempionatda qo‘lga kiritiladi. Shu bois, Misrda bo‘ladigan o‘quv-mashg‘ulotga hamda 22-23 fevral kunlari ushbu davlatda o‘tadigan xalqaro turnirda qatnashishga e’tibor qaratdik. Joriy yil 21 fevralga qadar ushbu mamlakatda tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashamiz. Undan keyin Misr davlatida jahon reytingi uchun ochkolar taqdim etadigan xalqaro turnirda ishtirok etamiz, – deydi O.Hikmatov.

United World Wrestling sport tashkiloti xabariga ko‘ra, “Zagreb Open”da 50 ga yaqin mamlakatdan 600 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etish uchun Xorvatiyaga yetib kelishgan.

Joriy yil 5 fevralgacha davom etadigan turnirning ilk kunlarida erkin kurashchilar, undan keyin ayollar va so‘nggi kunlari yunon-rum kurashchilari medallar uchun kurash olib boradi.

“Zagreb Open” xalqaro turnirida sport kurashlarining uchta yo‘nalishida 30 ta medallar jamlanmasi uchun bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Turnirda 20 nafardan oshiq jahon chempionlari, Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, 50 nafarga yaqin xalqaro turnirlar g‘oliblari qatnashmoqda.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA