Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Andijon massividagi “Ipoteka markazi”da muqobil energetikani rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

–Kun tartibidagi ikkinchi masala – o‘tgan hafta kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha barcha masalalarni kelishib oldik. Jumladan, 2023 yilda 5 million nafar aholi bandligini ta’minlash, xususan, 2 million doimiy ish o‘rinlarini

yaratish bo‘yicha hududlar va tarmoq rahbarlariga aniq vazifalar qo‘yildi, – dedi davlatimiz rahbari. – Ushbu ishlarni qanday tashkil etish bo‘yicha Andijonning tuman va shahar hokimlari, bandlik va kambag‘allikka mas’ul o‘rinbosarlari, sektor rahbarlarining rejalarini birma-bir eshitaman.

Viloyatda 127 ming nafar ishsiz fuqaro mavjud. (ishsizlik darajasi – 8,9 foiz). Har yili yana 50 ming nafar yoshlar

mehnat bozoriga kirib keladi.

Shuningdek, “Temir daftar”ga 13,5 ming nafar aholi, “Ayollar daftari”ga 63 ming nafar xotin-qizlar va “Yoshlar daftari”ga 1,5 ming nafar yoshlar kiritilgan.

Biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bo‘yicha Bo‘ston va Ulug‘nor 5-toifaga, Jalaquduq, Marhamat, Izboskan va Paxtaobod 4-toifaga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilganidek, aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha viloyatda yetarli sharoitlar bor.

Misol uchun, kuni kecha imzolangan qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlarga bu yili 1,1 trillion so‘m ajratiladi (o‘tgan yili 800 milliard so‘m).

So‘nggi ikki yilda aholiga dehqonchilik uchun 8 ming gektar hosildor ekin yerlari berilgan, 2023 yilda yana 10 ming gektar yer tarqatiladi.

Mahallalarda sanoatni rivojlantirish uchun, 36 ta mikromarkaz tashkil etiladi.

O‘zA