Indoneziyada o‘q otish bo‘yicha o‘tyotgan jahon kubogi bahslarida mamlakatimiz sportchilarining muvaffaqiyatli ishtiroki davom etmoqda.

Xabar berganimizdek, ikki kun muqaddam 10 metrga to‘pponchadan o‘q otish dasturida Muhammad Kamolov oltin medalga ega chiqqan edi.

Bugun 10 metrga pnevmatik to‘pponchadan otish bo‘yicha jamoaviy bahslarda Alina Tarasova, Nigina Saidqulova, Sitora Ergashboyevadan iborat terma jamoamiz a’zolari o‘z mahoratini namoyish etdi.

Saralash bahslarida barcha jamoalardan yuqori natija qayd etgan qizlarimiz nufuzli musobaqaning oltin medali uchun kechgan final bellashuvida koreyalik sportchi qizlar bilan ro‘baro‘ keldi.

Belgilangan nuqtani aniq nishonga olish bashida hisob 9:17 ko‘rinishida koreyaliklar foydasiga hal bo‘ldi. Shu tarzda iste’dodli mergan qizlarimiz jahon kubogining kumush medallariga musharraf bo‘ldi.

“Parij-2024” Olimpiadasining muhim reyting ochkolari o‘ynalayotgan mazkur nufuzli musobaqa 7 fevralga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA