Markaziy bank “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qaror yuzasidan sharh e’lon qildi.

Qayd etilishicha, bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash hamda bank va iste’molchilar o‘rtasida moliyaviy xizmatlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida mazkur hujjatga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, iste’molchilarning turli kredit mahsulotlaridan foydalanish borasida to‘g‘ri tanlovni amalga oshirishlari hamda kredit haqida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida kredit shartnomasi tuzilgunga qadar iste’molchilarga kredit xizmatidan foydalanish bilan bog‘liq shartlar to‘g‘risida taqdim etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar kengaytirildi.

Shuningdek, mulkini garovga qo‘yayotgan yoki kafil bo‘layotgan uchinchi shaxslar, tijorat banki va qarzdor o‘rtasida turli nizolar yuzaga kelishining oldini olish hamda ushbu uchinchi shaxslarning kredit, garov yoki kafillik shartnomasi bo‘yicha o‘ziga moliyaviy majburiyat olayotganligi to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida bank tomonidan mulkini garovga qo‘yayotgan yoki kafil bo‘layotgan uchinchi shaxslarga kelgusida duch kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar to‘g‘risida tushuntirishlar berish talabi kiritildi.

Shu bilan birga, iste’molchilar tomonidan subordinar qarz va omonat xizmatlarining o‘zaro farqli jihatlarini ajratishda aksariyat hollarda chalg‘ishayotganligidan kelib chiqib, banklar tomonidan iste’molchilarga subordinar qarzni omonat yoki omonatga tenglashtirilgan qarz sifatida taklif etish amaliyoti taqiqlandi.

Banklar tomonidan kredit hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida kredit ajratish yoki kredit ajratishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qabul qilingan qaror to‘g‘risida banklar bunday qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay iste’molchini xabardor qilishi shartligi belgilab qo‘yildi.

Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2023 yil 28 apreldan kuchga kiradi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA