Germaniya kansleri Olaf Sholsning Janubiy Amerika mamlakatlariga tashrifi doirasida Chilining “Codelco” Milliy mis korporatsiyasi va Yevropaning “Aurubis” metallurgiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, tomonlar texnologiya va innovatsiya, tog‘-kon ishi va iqtisodiyot sohalarida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdi. Xususan, vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona ishga tushirildi.

Ta’kidlash joiz, Germaniya sanoati elektromobil akkumulyatorining muhim tarkibiy qismi – Chili litiysiga alohida qiziqish bildirgan. Bu haqda kansler ham ma’lum qilgan.

Avvalroq Shols Argetinada Prezident Alberto Fernandes bilan Yevropa Ittifoqi hamda “Mercosur” blogi o‘rtasida erkin savdo shartnomasi imzolanishi muhimligini tasdiqlagan, deb yozdi “Euronews”.

Shols safari davomida Braziliyaga ham boradi. U yangi saylangan Prezident Luis Lula da Silva bilan uchrashgan birinchi g‘arb yetakchisi bo‘ladi.

G. Abdullayeva, O‘zA