O‘tgan yilda 647 ming 655 nafar 6 yoshli bola maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinib, qamrov darajasi 67 foizdan kamida 90 foizga yetkazilgan. 2 ming 48 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, maktablarda ta’lim sifatini oshirish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish borasida pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida 100 ming nafar, maxsus platforma orqali 44 ming 979 nafar o‘qituvchi malakasi oshirilgan.

Yil boshiga nisbatan toifaga ega o‘qituvchilar soni 220 ming 110 nafardan 325 ming 818 nafarga yoki 43,8dan 64,8 foizga oshgan. Eng muhimi, yil boshidan xalq ta’limi tizimiga 120 nafar xorijiy ekspert va pedagoglar jalb qilingan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yildagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

— Hisobot davrida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish maqsadida qabul parametrini shakllantirish va tasdiqlash tartibi soddalashtirilgani, ushbu jarayonda oliy ta’lim muassasalari vakolati kengaytirilgani ijobiy holdir, — deydi fraksiya a’zosi Umida Rahmonova. — Bundan tashqari, respublikada 17 milliondan ziyod xotin-qizlar haqida ma’lumot bazasini o‘z ichiga olgan “Xotin-qizlar.uz” milliy platformasi yaratilgani va u orqali ehtiyojmand oilalardagi ilmga intilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 84 ming 104 ta ariza elektron qabul qilinib, ulardan 35 ming 689 nafariga tavsiyanoma berilgani e’tiborga molik. Test natijalariga ko‘ra, 1 ming 982 nafar ehtiyojmand oila xotin-qizlari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari turizm xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha qilingan ishlarni ijobiy baholadi. O‘tgan davrda 326 ta 16 ming 86 o‘rinli mehmonxona va joylashtirish vositalari hamda 284 ta turistik korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan holda 696 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etilgani alohida qayd etildi.

Muhokamalar davomida ta’lim tizimidagi muammolar, joylarda ayrim fan o‘qituvchilarining yetishmasligi, qog‘ozbozlik holatlari hamon mavjudligi aytilib, bu borada zarur choralar ko‘rilishi kerakligi ta’kidlandi.


Muhtarama Komilova, O‘zA