Jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi kerak. Ammo sudlarda ko‘rib chiqilgan jinoyatlar tahlili ichida asossiz ayblovlar ham uchrashi taajjubli.

Sudlar o‘tgan yilda 13 ming 824 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalarni ayblovdan chiqarib tashlagan yoki qayta malakalagan.

To‘g‘ri, shaxsning aybli yoki aybsiz ekanini sud hal qiladi. Lekin asossiz ayblovlar minglab odamlarni ovorayu-sarson qilgani, ularni va yaqinlarini iztirobga solgani kishini o‘ylantiradi.

Oliy sud axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2022 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 75 ming 78 nafar shaxsga nisbatan 58 ming 697 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

– Ming nafardan ortiq shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi, – deydi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. –Sudlangan shaxslar soni 56 ming 542 nafarni tashkil etib, shundan 17 ming 610 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 37 ming 503 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi. 1,5 mingga yaqin shaxs shartli hukm qilindi.

Sudlangan shaxslarning asosiy qismini erkaklar, 6,5 mingga yaqinini ayollar, 1,7 mingdan ortig‘ini voyaga yetmagan shaxslar tashkil etdi. 8,5 mingga yaqin shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

26 ming 753 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 10 mingdan ziyodiga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi va 495 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

 Qaysi jinoyat turlari ko‘proq sodir etilgan?          

– Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlarining aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabilar tashkil etdi.

Shuningdek, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq harakatlar, hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, bezorilik, pora berish, qasddan badanga yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlar ham nisbatan ko‘proq.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yarashuv qo‘llanilishi natijasida 15 ming 315 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.

Yetkazilgan 1,3 trillion so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 8 ming 719 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

 Sudlar qarorlari bekor qilinishi va o‘zgartirilishi holatlari uchrayaptimi?

 Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 14,5 ming shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. Mingdan ortiq shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3,6 mingdan ziyod shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 6 ming 264 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. 1 ming 245 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 534 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Kassatsiya instansiyasida esa 309 nafar shaxsga nisbatan 271 jinoyat ishlari takroran ko‘rib chiqilgan. 180 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 93 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

 

Norgul Abduraimova,

O‘zA