FOTOREPORTAJ

O‘zbekistonda qizlar uchun STEM-dastur – “Technovation Girls Uzbekistan”  xalqaro tanlovi o‘zining yangi mavsumini boshladi.

Dastur Tech4Impact NNT tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi va Yandex Go onlayn-servisi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Technovation Girls – bu qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov bo‘lib, har yili dunyoning 160 mamlakatida o‘tkaziladi. Tanlov qizlarga “moslashuvchan” ko‘nikmalarni berish, ularni IT-texnologiyalar, biznes va IT sohasidagi tadbirkorlikka qiziqtirish maqsadiga qaratilgan.

12 haftalik dastur marketing, dasturlash, biznes-ko‘nikmalar va taqdimot ko‘nikmalari bo‘yicha ta’lim modullarini o‘z ichiga olgan. Qizlar texnologiyalar yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qilishni o‘rganadi va barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq sohalarda innovatsion mobil ilovalarni yaratadi.

– Mazkur dastur qizlarga o‘zlarini texnologiyalar sohasida sinab ko‘rish, o‘z IT-loyihalarini yaratish, kreativlikni namoyon etish va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi, – deydi Tech4Impact NNT direktori Saida Yusupova. – O‘zbekistonda dastur amalga oshirilgan 6 yil davomida ishtirokchilarning ko‘pchiligi karera va ta’lim sohasida muvaffaqiyatga erishdi.

Joriy yilda hamkorlik doirasida Yandex Go va Yandex’ning boshqa servislari mutaxassislari ishtirokchi qizlar bilan sun’iy intellekt, ishlanmalar, marketing, biznes jarayonlar hamda kreativ industriyalar sohasidagi bilimlarini o‘rtoqlashadi. Shuningdek, jamoalar tadbirkorlar, o‘qituvchilar, universitet talabalari va IT-mutaxassislaridan iborat mentorlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi. Dastur davomida har bir jamoa mobil ilova yaratadi, loyihaning biznes-rejasini tuzadi, ilovalar haqida video tasvirga oladi hamda tanlov yakunida o‘z loyihasini taqdim etadi.

Tanlovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish 1 fevralga qadar davom etadi.

Oflayn trening va seminarlar Toshkent, Nukus va Farg‘ona shahrida o‘tkaziladi.

Kamola Yusupova, A’lo Abdullayev (surat) O‘zA