Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi.

Xotira kechasida atoqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, bolalar shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Orif To‘xtash Xudoyberdi To‘xtaboyevning mashaqqatli ijod yo‘li xususida batafsil so‘z yuritdi.

– Xudoyberdi To‘xtaboyevning  ijodiga oid viktorina o‘tkazilganda, bolalar adib ijodining bilimdoni ekani yaqqol aks etgandi, – dedi jurnalist Muhabbat Hamidova. – “Sariq devni minib” asaridagi Hoshimjon yashagan qishloq har bir yosh kitobxon uchun juda qadrlidir. Uni o‘quvchi o‘z qishlog‘i, deb o‘ylaydi. Bu esa asarning bolalarcha samimiyati, hayotiyligi va ta’sirchanligidan darak beradi. Xudoyberdi To‘xtaboyev nainki o‘zbek xalqining, balki jahon bolalarining yozuvchisidir.

– Ustoz o‘zlari bola bo‘lib yozar edilar, – dedi adibning shogirdi Otabek Quvvatov. – Negaki, bola bo‘lib yozmasang, kitobxon asardagi voqelikka ishonmaydi, der edilar. Har bir o‘zbek bolasiga otadek mehribon bo‘lgan inson edilar. O‘zbekistonning qay burchagiga borsangiz, eng yaxshi yozuvchi kim, degan savolga bolalar Xudoyberdi To‘xtaboyev, deb javob beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xudoyberdi To‘xtaboyev 1932 yilda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. Uning bolalik va o‘smirlik yillari urush davriga to‘g‘ri kelgan. Ota-onadan erta yetim qolgan ijodkorning iztiroblari uning “Besh bolali yigitcha” asarida ham o‘z ifodasini topgan. Yozuvchi o‘rta maktabni tugatib, ToshDU filologiya fakultetining logika-psixologiya bo‘limiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillaridanoq badiiy ijodga qiziqadi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev oliy o‘quv yurtini tugatgach, “Toshkent haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston” ro‘znomalarida, “Guliston”, “Gulxan”, “Sharq yulduzi”, “Yosh kuch” jurnallarida, “Kamalak” nashriyotida ishladi. “Oltin meros”  jamg‘armasiga rahbarlik qildi.

Adib ijodining dastlabki davridanok hajvga, kulgiga moyil hikoya to‘plamlarini, qissa va romanlarini yaratdi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami “Shoshqaloq” 1961 yilda e’lon qilindi. Asarlari – “Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib”  kabi asarlari 24 tilga tarjima qilingan. Kitobxonlar “Sariq devning o‘limi”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Yillar va yo‘llar”, “Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida”, “Mungli ko‘zlar”, “Sir ochildi”, “Omonboy va Davronboy sarguzashti”, “Jannati odamlar”, “Shoshqaloq”, “So‘qmoqlar” kabi asarlari hozirgacha sevib mutolaa qilinadi. Milliy jurnalistikamizda Xudoyberdi To‘xtaboyev eng o‘tkir va dolzarb feletonlarning muallifi sifatida ham o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkor edi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev Hamza nomidagi Davlat mukofoti, 1982 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, 1991 yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan mukofotlangan.

N.Usmonova, O‘zA