Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turnirining 8-tur bahslari hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov uchun ortda qoldi.
Bugun, 22 yanvar kuni ushbu turda Nodirbek qora donalarda AQSH vakili Levon Aronyanga qarshi dona surdi.
Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda tomonlar murosa yo‘lini tanlashi natijasida Abdusattorov 6 ochkoga ega bo‘lgan holda peshqadamlikni saqlab qolgan bo‘lsa, Aroyan o‘z hisobidagi ochkolarni 4.5 taga yetkazishga erishdi.
Yana bir e’tiborli jihat, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, “Tata Steel Chess” musobaqasida Nodirbekka taniqli shaxmatchimiz Rustam Qosimjonov murabbiylik qilmoqda.
«Chellenjer» guruhining 7-turidan keyin 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan Javohir Sindorov 8-turda turkiyalik Mustafa Yilmaz bilan qora donalarda bahs yuritdi.
Afsuski, hamyurtimizning so‘nggi harakatlari omadsiz yakun topdi. Bu esa turkiyalik shaxmatchining 5.5 ochkoni qo‘lga kiritishini ta’minladi.
Sindorov 5 ochkoga ega bo‘lib turgan «Chellenjer» guruhida Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko 6 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda.
Ertaga, 23 yanvar xalqaro turnir dasturiga binoan «Masters» va «Chellenjer» guruhlarida dam olish kuni etib belgilangan.
Har ikki guruhdagi 9-tur o‘yinlari 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Nodirbek Abdusattorov germaniyalik Vinsent Keymer bilan ro‘baro‘ kelsa, Sindorov amerikalik Mishra Abximanyu bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, “Tata Steel Chess” xalqaro turniri 29 yanvarga qadar davom etadi. Musobaqalarning har ikki guruhidagi umumiy turlar soni 13 tani tashkil etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA