2022 yil yakunlari bo‘yicha Xitoyning yalpi ichki mahsuloti hajmi 3 foizga ortib, jami 121,0207 trillion yuanni (17,95 trillion AQSH dollari) tashkil etdi, deb yozmoqda «Sinxua», agentligi. Ushbu ma’lumot 17 yanvarda Xitoy davlat statistika boshqarmasi e’lon qilgan hisobotda keltirilgani aytiladi.

«Shu bilan birga, XXR YAIMi aholi boshiga 85 ming 698 yuanni tashkil etgan. Bu o‘rtacha valyuta kursi bo‘yicha 12 ming 741 dollar bo‘lganini bildiradi», – deb bayonot berdi brifingda XXR Davlat statistika boshqarmasi direktori Kan I.

«Uzoq muddatli maqsadlardan biri 2035 yilgacha milliy daromadni aholi jon boshiga taqqoslaganda o‘rtacha rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetkazishni nazarda tutadi. Bunga erishish uchun daromadlar o‘sishini ikki barobardan ham oshirish kerak», – degan u.

Xitoyda bandlik darajasi o‘z barqarorligini saqlab qolgan. 2022 yilda shahar va shahar ko‘rinishidagi qishloqlarda ish bilan band aholi soni 12,06 million kishini tashkil etgan.