Prezident farmoni bilan tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oyning 20 sanasida mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan uchrashgan edi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam. Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart. Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularning dardi bilan yashashi kerak” degan edi mamlakat yetakchisi o‘z nutqida.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari tadbirkorlarning loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorligini ta’kidlagan edi.

Oradan yetti kun o‘tib, “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yil 1 yanvargacha oshirilmasligi belgilandi.

2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va belgilangan shartlarga javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Bu quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlariga amal qiladi:

– jami xodimlar sonining kamida 15 foizi Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning a’zolaridan tashkil topganda;

– har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;

– soliq davrida tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 90 foizini tashkil etganda.

2025 yil 1 apreldan daromadidan qat’i nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar QQSni to‘lovchilar deb e’tirof etiladi. Bunda realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi yoki virtual kassa cheklari, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar hamda boshqa tashqi va ichki ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobotlar avtomatik tarzda shakllantirib boriladi.

Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilinadi.

Markaz har yili kamida 100 nafar tadbirkorga xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlaridan davlat kafolatisiz mablag‘lar jalb qilish bo‘yicha konsalting xizmatlar ko‘rsatadi.

2025 yilda aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ajratiladigan kreditlar uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (Kompaniya) 100 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

2025 yil 1 yanvardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kalibrovka qilish va maxsus idishlarda qadoqlash loyihalari hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Kompaniya resurslari hisobidan milliy valyutada revolver kreditlar ajratiladi.

2025 yil 1 yanvardan bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm paxta ip-kalavasi uchun yig‘im uning eksport narxidan 2 foiz miqdorda, biroq 0,05 AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘rnatiladi. Bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm trikotaj mato uchun yig‘im uning eksport narxidan 1 foiz miqdorda o‘rnatiladi.

Farmonga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosarlari, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklari rahbarlari har oy grafik asosida mahallalarga chiqqan holda hamda tematik yondashuv asosida tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar tashkil qiladi, tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar yuzasidan “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlaydi va muammolar tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlaydi.

Uchrashuvlarda ko‘tarilgan murojaatlar “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasiga kiritiladi, vakolatli organlar tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi. Biznes-ombudsman platformaga kiritilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatiga rioya etish ustidan nazorat o‘rnatadi hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi.

Umidjon Qurbonov,  

O‘zA