Qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishni kengaytirish iqlim falokatlarining oldini olish uchun yagona choradir, dedi BMT bosh kotibi. U qayta tiklanadigan energiya manbalariga adolatli o‘tishning beshta punktdan iborat rejasini taklif etgan. Bu haqda BMT yangiliklar saytida ma’lum qilinmoqda.
«Faqat qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish kelajagimizni asrab qoladi, energiya ta’minotidagi tengsizlikni bartaraf etadi, narxlarni barqarorlashtiradi, energetika xavfsizligini ta’minlaydi», – deb bayonot berdi Antoniu Guterrish Qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha xalqaro agentlik assambleyasining 13-sessiyasi qatnashchilariga qilgan videomurojaatida. Ushbu anjuman o‘tgan shanba kuni Brashgan Arab Amirligi poytaxti Abu-Dabida ochildi.
«Agar hozirgi siyosat davom etsa, asrimiz oxiriga kelib global isish 2,8 darajani tashkil etadi. Bunday ssenariy oqibatlari juda halokatli bo‘lishi mumkin. Sayyoramizning bir qator hududlari yashash uchun noqulay bo‘lib qoladi. Ko‘pchilik uchun bu o‘lim hukmi bo‘ladi», – dedi Antoniu Guterrish.
Bosh kotib barcha mamlakatlarni qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida foydalanadigan texnologiyalar bilan bog‘liq huquqlar bo‘yicha barcha to‘siqlarni bartaraf qilishga hamda bu bilimlarni insoniyatning umumiy mulki, deb hisoblashga chaqirgan.
U shuningdek, ushbu yo‘nalishda qo‘llaniladigan yangi texnologiyalar uchun xomashyo materiallari va komponentlarni yetkazib berish zanjirini kengaytirishni tavsiya qilgan. «Bu millionlab, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda ayollar va yoshlar uchun “yashil” ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi», – deya ta’kidlagan u.
Hozirda elektrga bo‘lgan global ehtiyojning 30 foizi qayta tiklanadigan manbalar hisobiga qoplanmoqda. Guterrishning ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkich 2030 yilgacha ikki barobarga ko‘payishi, asrimiz o‘rtasiga kelib esa 90 foizga yetkazilishi zarur.