2023 ylda dunyo bo‘yicha ishsizlar soni 3 millionga ortib, jami 208 millionga yetadi, deyiladi Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) e’lon qilgan yangi ma’ruzasida. Kuni kecha BMT yangiliklar saytida ushbu ma’ruza e’lon qilindi.
Mutaxassislarning baholashicha, ishsizlikning global darajasi 5,8 foizga yetgan. Shu bilan birga, ishsizlar soni pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi ishsizlar sonidan 16 millionga ko‘p bo‘lgan.
XMTning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi katta ehtimol bilan ko‘pchilikni mehnat qilish sharoitlari yomonlashishi, mehnat haqlari kamayishi va ijtimoiy kafolatlar yo‘qligi bilan murosa qilishga majbur bo‘ladi. Bu koronavirus pandemiyasi va kun ko‘rish qimmatlashgan sharoitda shundog‘am kuchayib ketgan tengsizlikni yanada chuqurlashtiradi, borgan sari ko‘plab kishilarni qashshoqlik sharoitiga solib qo‘yadi. Ekspertlarning ogohlantirishicha, munosib ish o‘rinlari bilan bog‘liq vaziyat bu yil yomonlashishi mumkin.
Bundan tashqari, ma’ruzada aytilishicha, mehnat bozorida vaziyatning yomonlashishiga asosan geosiyosiy keskinlik oshgani, Ukrainada kechayotgan harbiy harakatlar va mamlakatlarning pandemiyadan keyingi qayta tiklanishi bir tekis kechmagani sabab bo‘ladi. XMTning uqtirishicha, ushbu jihatlarning barchasi bir bo‘lib stagflyatsiya uchun sharoit yaratadi, ya’ni bir vaqtning o‘zida ham inflyatsiya, ham iqtisodiy pasayishning kuchayishi kuzatiladi.
«Bandlik darajasi o‘sishining global miqyosda sekinlashishi, pandemiya tufayli yo‘qotilgan ish o‘rinlarining to‘lishi 2025 yilgacha cho‘zilishini bildiradi», — deya ta’kidlaydi ma’ruza mualliflarining biri Richard Samans.