Yashayotgan mahallamiz yoki qishlog‘imizdagi kichkinagina ariqdan suv oqmay qolsa, qanchalar tashvishga tushamiz. Bu ariq o‘rnida dengiz bo‘lsa-chi, tashvishimiz ming chandon oshadi. Uni asrab qolishdagi chorasizlik esa undan ham yomon. Suv – bizning hayot-mamotimiz. Bugunimiz, ertamiz mana shu uchta harfdan iborat suvga bog‘liq.

Ming afsuslar bo‘lsinki, Orol dengizining qurishi bizga juda qimmatga tushdi va hamon buning ortidan kelayotgan aziyatlar davom etyapti.

Xo‘sh, bugun Orol atrofida yashovchi odamlarning sharoitini yaxshilash borasida hukumatimiz tomonidan qanday chora-tadbirlar qo‘llanilyapti?

Fanlar akademiyasi «Ijtimoiy-gumanitar fanlar» bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafoyeva bilan shu haqda suhbatlashdik.

— O‘tgan yilning kuz faslida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani va Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etib, Mo‘ynoqliklarning hayoti bilan tanishdingiz. Ayting-chi, Mo‘ynoq atamasi o‘zi qanday paydo bo‘lgan?

— «MO‘YNOQ» atamasi 1960 yillarda paydo bo‘lgan. Ungacha bu joylar Tokmak deb atalgan. Ushbu hududda 1930 yillarda sovetlardan quvg‘inga uchragan xo‘jalar shu yerdagi to‘qayzorlarda yashiringan. Keyinchalik bu yerlar Xo‘jayli nomini olgan. Qadimda odamlar bu yerda ohaktosh qazib olishgan. Mo‘ynoq orol bo‘lib, cho‘zinchoq shaklga ega bo‘lgan va xaritada oq shaklda tasvirlangan. Shuning uchun mahalliy xalq Mo‘ynoqni «Bo‘yni oq» deb atashgan.

Mo‘ynoqda yirik port faoliyat ko‘rsatgan. Orol dengizi suv havzasi, eng avvalo atrofdagi hududlarning iqlim sharoitiga ta’sir qilib, yozda va qishda havo harorati hamda namligini bir me’yorda saqlab turgan. 1960 yilga qadar Amudaryo va Sirdaryo deltalari ko‘l-botqoq, to‘qay va qamishzorlardan iborat edi. Qamishzorlar shunchalar ko‘p ediki, ularni «Qamishzorlar dengizi», deb atashar edilar. Qamishzor turli hayvonlar va qushlarning yashash hamda ko‘payish makoni bo‘lgan. Orolbo‘yi ustidan boshqa mamlakatlar tomonlariga uchib o‘tadigan millionlab qushlarning dam olish joyi bo‘lgan. Bundan tashqari, Orolbo‘yida har yili 250 ming ondatra terisi tayyorlangan.

1960 yilga qadar Orol dengizida baliqlarning 20 dan ortiq turlari – Usach, Losos, Sazan, Sudak, mashhur orol Vobla balig‘i yashar edi va har yili o‘rtacha 100 ming sentner baliq ovlangan. 1939 yildan Mo‘ynoqda baliq konserva zavodi faoliyat yuritgan. Mazkur zavodda konserva, baliq uni, sovun ishlab chiqarilgan va bu mahsulotlar, hattoki urush yillarida Leningrad qamalida ko‘mak uchun yetkazilgan. Mo‘ynoq shahrida ko‘p sonli baliq ovlash xo‘jaliklari bo‘lgan. Biroq, XX asrning 90-yillar boshida mazkur zavod ham yopilgan.

— Orol dengizi quriy boshlaganidan so‘ng u yerdagi kemalar metallolomga topshirilgan, deyishadi. Buni tarixchi sifatida qanday izohlaysiz?

— XX asrning 60-yillaridan Orol dengizi sathi tez sur’atlar bilan pasayishi jiddiy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kela boshladi. Bir vaqtlar Amudaryo orqali Termiz shahrini Aralsk temir yo‘l tuguni bilan bog‘lagan Orol dengizi o‘z funksiyasini tugatdi va 1981 yilga kelib, dengizda kema harakatlari butunlay to‘xtadi. Barcha kemalar port shaharlar yaqinidagi quruqlikda qolib ketdi. Bir necha yillar ichida 500 dan ortiq kema qumga abadiy tiqilib qoldi. Ular metallolomga topshirilib, atigi 11 ta kema «kemalar qabristoni»da mung‘ayganicha qolgandi. Bu holatni ko‘rgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining 2017 yil iyun oyidagi O‘zbekistonga safari chog‘ida Qoraqalpog‘istonga borib, Mo‘ynoqdagi «Kemalar qabristoni»ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytgan edi.

— Orol fojiasi salbiy ta’sirlarini kamaytirish uchun qanday chora-tadbirlar qo‘llanilyapti?

— Orol muammosi keskinligini chuqur anglagan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 21 yanvarida Qoraqalpog‘istonga kelib, hududdagi haqiqiy holatni to‘liq o‘rgandi. 2017 yil sentyabr oyida BMTning 72-sessiyasida qatnashib, Orol fojiasining juda keskinlashganini va global darajadagi xavfini dunyo davlatlariga yanada chuqur va atroflicha xarita yordamida izohlab, asosli qilib tushuntirib bergandan so‘ng, ushbu masala atrofidagi xalqaro hamkorlik sezilarli darajada kuchaydi.

2018 yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlar rahbarlari majlisida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha beshta taklifni ilgari surib, Orolbo‘yi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqish haqida to‘xtalgan edi.

Fanlararo tekshirishlar o‘tkazishni va cho‘l o‘simliklari uchun ko‘chatlar yetishtirish bo‘yicha regional markazlar tashkil etish kerakligini asoslab berdi. Mintaqamizning noyob hayvonot dunyosini saqlash uchun Orolbo‘yi zonasida muhofaza qilinadigan transchegaraviy tabiiy hududlar tashkil etish ham taklif qilindi. Yo‘qolib borayotgan hayvonlar, jumladan, qoplon, qulon, sayg‘oq va boshqa noyob jonivorlarni saqlab qolish uchun barcha ishlarni o‘zaro kelishib amalga oshirish nihoyatda dolzarb sanaladi. Suvni tejash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalaridagi mintaqaviy hamkorlik darajasini keskin oshirish lozimligi ta’kidlandi.

— Davlatimiz rahbarining bunday harakatlari qanday natija beryapti?

— 2018 yilning 15-16 noyabr kunlari yurtboshimiz Qoraqalpog‘istonning, jumladan, ekologik fojia hisoblangan Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif yakunlari bo‘yicha yaqin ikki yilga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi. Unda jami 1,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi 795 ta loyiha amalga oshirilishi nazarda tutildi.

O‘zbekiston Prezidentining Orolbo‘yining ekologik vaziyatini keskinligini yumshatish uchun jonkuyarlik bilan qilgan xatti-harakatlari o‘z natijasini bera boshladi. 2018 yilning 27 noyabrida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondi faoliyat boshladi. Shu munosabat bilan Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi tadbirda BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu fondni tashkil etish tashabbusini yuksak baholab, xalqaro jamoatchilikni mazkur tuzilmani moliyalashtirishda faol qatnashishga chaqirdi.

Anjumanda ko‘pgina mamlakat rahbarlari, shuningdek, qator nodavlat tashkilotlar vakillari ushbu fond faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdilar.

Trast fondi Orol dengizining markazi bo‘lgan va ko‘p talafot chekkan Mo‘ynoq shahrini mutlaqo yangidan tiklashga, sanoat korxonalari, ko‘p qavatli uylar, zamonaviy xizmat ko‘rsatish binolari, maktablar, ta’lim muassasalari va boshqa sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Ayniqsa, hududda turizm infrastrukturasi tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda.

2018 yilning dekabr oylaridan boshlab dengizning qurigan hududida 500 ming gektarlik o‘rmon barpo etish jarayoniga kirishildi. Mazkur ishga Orol bo‘yidagi barcha o‘rmon xo‘jaliklari, mingdan ziyod mutaxassis ishchilar jalb etildi. Shu yerning o‘zida yashash uchun barcha sharoitlar tashkil etildi. Yashil o‘rmonlar yaratish uchun katta texnika jalb qilindi.

Haqiqatan ham, bugun mamlakatimiz aholisi Orol dengizining qurigan tubida «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlarida astoydil mehnat qilmoqda va buning natijalari bugun ko‘zga ko‘rinmoqda.

2020 yil 12 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Unga muvofiq, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan “My garden in the Aral Sea” («Oroldagi bog‘im») agro va ekoturizm loyihasi amalga oshirilishi belgilandi.

— Mo‘ynoqda bo‘lib, o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgan tarixchi sifatida uning bugungi qiyofasini qanday izohlaysiz?

— Hozir Mo‘ynoqdagi o‘zgarishlar unga hayot qaytayotganidan darak bermoqda. Bu jarayonni biz tuman markazida qad ko‘targan 800 o‘rinli amfiteatr, davlat xizmatlari markazi, musiqa va san’at maktabi, yangi qurilgan sport zali, yopiq basseyn, madaniyat markazi va stadion va boshqa maskanlar misolida ko‘rishimiz mumkin. «Mo‘ynoq porloq teks» MCHJ tikuvchilik korxonasining tashkil etilishi 350 kishini ish bilan ta’minladi. Zamonaviy tikuv mashinalari o‘rnatilgan yangi korxona yiliga 1 million dona tayyor tikuvchilik va trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yangi qurilayotgan uylardan korxona ishchilari uchun xonadonlar ajratilgan.

2020 yilda 25 milliard mablag‘ evaziga Mo‘ynoq konserva zavodi ham qayta tiklanib, u yerda baliq mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zavod 9 million dona baliq konservasi, 200 tonna dudlangan baliq, 780 tonna baliq farshi, 400 tonna baliq filesi, jami 11 turdagi mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tayyor mahsulotlar ichki bozorda sotilmoqda. Rossiya, Qozog‘iston va Afg‘onistonga eksport qilish uchun shartnomalar tuzilmoqda. Kelajakda zavod uchun 150 gektar maydonda sun’iy suv havzalari tashkil etiladi.

Joriy yil boshidan Orolning qurigan maydonlarida quduqlar qazila boshladi. Hozirda 12 ta quduq qazilgan. Ularda chorvachilik uchun iste’molga yaroqli suv chiqmoqda. Shu sabab bu yerda mo‘ynoqliklar uchun baliqchilikdan tashqari chorvachilikni rivojlantirishga ham imkoniyatlar yaratilmoqda.

Darhaqiqat, shu kabi islohotlar bois Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi atrofi sayyohlarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA