Oxfam birlashgan xayriya va gumanitar tashkiloti saytida e’lon qilingan xabarda shu haqda gap boradi.

Ta’kidlanishicha, milliarderlar koronavirus pandemiyasi davrida hamda kun ko‘rish qimmatlashishi sharoitida boyliklarini noodatiy ravishda tez oshirib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Oxfam ma’lumotida keltirilishicha, 2020 yildan buyon to‘plangan dunyo boyliklarining  63 foizi (26 trillion dollar) sayyoramizdagi eng badavlat kishilarning 1 foizi qo‘lida jamlangan,  37 foizi  (16 trillion dollar) qolgan 99 foiz aholiga taqsimlangan.

2022 yilda milliarderlarning daromadi asosan oziq-ovqat va elektr energiyasi quvvatlari narxi qimmatlashuvi hisobiga ortgan. Ya’ni, oziq-ovqat va elektr energiya sotuvchi korporatsiyalarning 95 foizi o‘tgan yili daromadlarini ikki barobarga oshirib olgan.

Shu bilan birga, dunyodagi 1,7 milliard   kishi inflyatsiya o‘sishi maoshlar oshishidan  tez bo‘lgan mamlakatlarda yashamoqda. 820 milliondan ziyod kishi yoki Yer aholisining taxminan o‘ndan biri ochlik azobidan aziyat chekmoqda. Och yashayotganlarning qariyb 60 foizi ayollar va qizlarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, ma’ruzada aytilishicha, 25 yil davomida ilk bor haddan ortiq boylik va o‘ta qashshoqlikning bir vaqtning o‘zida o‘sishi kuzatilmoqda.

Jahon banki ma’lumotlarida keltirilishicha, hozirda Ikkinchi jahon urushidan buyon global tengsizlik va qashshoqlik ko‘rsatkichlarining  eng tez o‘sishi qayd etilmoqda.

Oxfam tengsizlikka qarshi kurashda eng badavlat kishilarning daromadlariga solinayotgan  soliqlar miqdorini tizimli va keng qamrovli oshirib borishga chaqirmoqda. Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, milliarderlar va multimillionerlar boyligiga 5 foiz qo‘shimcha soliq solinsa 2 milliard kishini qashoqlikdan qutqarib olish mumkin bo‘ladi.