“Sharq yulduzi” jurnali deyilganda katta avlod vakillarining ko‘z oldiga o‘z davrida har bitta o‘zbek xonadonida bo‘lishi kerak bo‘lgan, hatto qo‘shni respublikalargacha tarqalib, e’zoz topgan va sevilib mutolaa qilingan chin ma’nodagi adabiy jurnal keladi.

Xo‘sh, bugunchi?

Hozirgi avlod vakillari, xususan, yoshlar ushbu jurnal haqida bilishadimi? Bugun bu jurnallarning o‘z o‘quvchilari, obunachilari soni qanchaga yetadi? Jurnal sahifalarini har varaqlaganda o‘zbek va dunyo adabiyotining “nafasi” sezilib turadigan, davr ruhi bilan hamohang tarzda yozilayotgan o‘tkir maqolalar, esselar, qissa va romanlarni o‘qimasdan, davomini intiq kutmasdan befarq bo‘layotgan bugungi zamon odamlari, millat oilalari yutqizmayaptimikin…?

O‘zining 90 yillik uzoq tarixiga ega “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari kuni kecha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan alohida e’tirof etilib, yubiley tarzida tantanali tadbir o‘tkazdi.

Yig‘ilishda bugungi o‘zbek adabiyoti ziyolilari, jurnal adabiy xodimlari va faxriylari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, mazkur adabiy-badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy jurnal rasman 1931 yildan chop etila boshlangani qayd etilsada, dastavval ”Qurilish”, 1934 yildan “Sovet adabiyoti”, 1937-1941 yillarda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1946 yildan e’tiboran ulug‘ adib Oybek domlaning sa’y-harakatlari bilan “Sharq yulduzi” nomini olgan.

XX asrning 70-80- yillarida o‘zbek madaniy-ma’naviy hayotini yoritishda yetakchi va obro‘li nashrlardan biri sifatida xalq e’tiborini qozongan mazkur jurnal haqiqiy ma’noda o‘zbek ziyolilari, adabiy jamoatchilik uchun minbar sifatida o‘z sahifalarida badiiy asar namunalaridan tortib, ijtimoiy hayotda mavjud bo‘lgan dolzarb muammolarni ham mumtazam chop etib boruvchi nashr sifatida faoliyat yuritgan.

Qishning ziynati o‘laroq bugun butun atrof oppoq qorga burkandi. Hamma issiq o‘rnida, oila davrasida o‘tirgan bir paytda bunday sovuqda tadbirga yig‘ilishning o‘zi amri mahol edi. Lekin adabiyotni ardoqlagan, millat taqdiriga befarq bo‘lmaganlar adabiyotimiz uchun, jurnal hurmati uchun hatto uzoq viloyatlardan ham tashrif buyurdilar.

Gapimiz so‘ngida jurnal uchun aytar tilagimiz shu:  

Qadring baland bo‘lib, umring uzun bo‘lsin!


O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA