Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida yashovchi oilaning 2 yoshli qizalog‘i qishloq oilaviy shifokorlik punktidan emlash olgandan so‘ng falaj bo‘lib qolgani xususidagi xabarlar tarqaldi va bu keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, aslida voqea qanday bo‘lgan? Qizaloq rostdan ham emlash natijasida ushbu kasalga yo‘qliqqanmi? Mazkur savollarga aniqlik kiritish maqsadida Ko‘kdala tumaniga borib mutasaddilar bilan suhbatlashdik.

Qizaloqning ismi Samira Furqatova va u ulg‘ayayotgan oila Ko‘kdala tumani Galabek qishlog‘ida yashaydi. Surishtiruvni oila yashaydigan manzildan boshladik. O‘sha kuni ya’ni o‘tgan yilning 22 noyabr kuni qizamiqqa qarshi emlash olish uchun qizaloqning buvisi Gulsara Bozorova qishloq oilaviy shifokorlik punktiga olib borgan. Buvisining gaplariga ko‘ra, o‘sha kunlari bolada ozgina shamollash alomatlari bo‘lib, ba’zi-ba’zida yo‘talib turgan. Bu haqida hamshiraga aytgan. Ammo vaksinani o‘tkazayotgan hamshira qizaloqda hech qanday tekshiruv o‘tkazmasdan emlashni amalga oshirgan. Emlashdan so‘ng bolada holsizlik va injiqlik kuzatilgach, ular hamshira bilan bog‘lanib, maslahat so‘rashadi. Biroq berilgan maslahatlar naf bermay, qizchaning ahvoli og‘irlasha boshlaydi. Qo‘l va oyog‘i harakatdan to‘xtaydi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida hududdagi Galabek oilaviy shifokorlik punktiga bordik. O‘sha kungi emlash jarayoni hujjatlari bilan tanishdik. Shifokorlardan bu borada izoh oldik. O‘sha kuni emlashni amalga oshirgan hamshira afsuski muhim ish bilan ketganini aytishdi.

– O‘tgan yilning 23 noyabr kuni 269 nafar bola  qizamiqqa qarshi emlangan, – deydi OSHP bosh shifokori Boynazar Mamatov. – Bu ommaviy emlash hisoblanadi. O‘sha kuni emlangan bolalarning 5 nafarida tana harorati ko‘tarilgani haqida murojaat bo‘lgan va boshqa hech qanday salbiy holat kuzatilmagan. Samira haqida aytadigan bo‘lsam, o‘sha kuni kelganda u sog‘lom bo‘lgan. Hech qanday qarshi ko‘rsatma berilmagan. Shunga ko‘ra, emlangan. Ba’zi manbalarda ko‘rsatilishicha, 100 ming nafar boladan bir nafarida emlashdan keyin shunday holatlar kuzatilishi mumkin ekan.

– Qizaloqning uydagilari o‘sha kuni bolaning shamollab turganini ta’kidlashdi, buni qanday izohlaysiz, so‘raymiz undan.

– Harorati ko‘tarilib turgan va shamollashi bor bolaga emlash qilinmaydi. Bizdagi qayd etish daftariga qizaloqning hararoti ko‘tarilmagani yozilgan.

Xullas, qarindoshlarning ta’kidlashicha, emlashdan keyin bolada falajlik holati kuzatilgan va buning oldini olish uchun ular Ko‘kdala tuman markazidagi shifoxonaga, undan Chiroqchi tumani markazidagi shifoxonaga, keyin Samarqand va Toshkentdagi markaziy shifoxonalarga davolatishgan va buning uchun anchagina xarajat qilingan. Shu bilan birga qizaloqning yaqinlari, borilgan shifoxolardagi birorta mutaxassis ushbu holat emlash oqibatida yuz berganini ta’kidlaganmi, degan savolga toshkentlik mutaxasislar emlash nerv hujayralariga shikast yetkazgan ya’ni noto‘g‘ri joyga qilingan, degan javobni bergan.

Ushbu holat yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi mas’ullaridan o‘tkazilgan tahlillar va holat bo‘yicha munosabat olishga harakat qildik. Ularning so‘zlariga ko‘ra ushbu xastalik kamdan kam holda uchrasa-da, ammo davolash imkoni bor ekan.

– Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida ikki yoshli qizaloqning emlashdan keyin falaj bo‘lib qolganligi xususida xabar tarqaldi. Bu xabar yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Ko‘klada tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan voqea joyiga borib o‘rganish ishlari olib borildi, – deydi Ko‘kdala tumani tibbiyot birlashmasi davolash ishlari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Abdimurod Toshmamatov. – O‘rganish davomida bemorda rejali ravishta qizamiqqa qarshi emlash olingan. Bu emlash falajlikka olib kelmagan. Bu bemorda oldindan mavjud bo‘lgan yashirin holdagi kasallikni rivojlanishiga sababchi bo‘lgan. Hozirgi kunda bemorning holati ijobiy tomonga o‘zgargan. Qo‘llarida, oyoqlarida harakat sezilyapti. Bu kasallik muddat talab qiladi. Bir-ikki yil davomida ko‘rmagandek bo‘lib ketadi. Viloyat mas’ullari hech qanday javob bermadi, degan da’vo asossiz. Boisi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i topshirig‘i bilan viloyatning eng yetakchi mutaxassislari ushbu masalaga jalb qilindi va chuqurlashtirilgan tekshiruvlar olib borildi.

Xulosa qilib aytganda qizaloqning yaqinlari bolaning emlashdan keyin shu kasalga giriftor bo‘lganini ta’kidlashsa, mutaxassislar bu emlash oqibatida emas, balki emlash yashirin kasallikni qo‘zg‘atganini aytishmoqda. Nima bo‘lganda ham yugurib yurgan qizchaning bu ahvolga tushishi yaqinlarini iztirobga solgani bor gap. Ammo yomon kunlar ortda qoldi, deydi mutaxassislar. Hozirda qizchada harakat alomatlari sezilarli darajada yaxshilangan. Shunday bo‘lsa-da, u hali parvarishga muhtoj, bu borada tuman hokimligi va tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari ham qizchaning tezroq tuzalib ketishi uchun ko‘makka tayyor ekanligini ma’lum qilishdi.


O‘lmas Barotov, O‘zA