Hamkorlarimiz sahifalarida

Turkiyada 10 yanvar kuni nishonlanadigan Jurnalistlar kuni munosabati bilan “Anadolu” axborot agentligining Anqaradagi qarorgohida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda agentlikning bosh direktori va boshqaruvi raisi Serdar Karagyoz ishtirok etib, Turkiya ommaviy axborot vositalari xodimlarini Jurnalistika kuni bilan tabrikladi.

Karagyoz dastur ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, “Anadolu” o‘zining 103 yillik faoliyati davomida jurnalistikaning og‘ir, ammo sharafli burchini fidoyilik bilan bajarganini ta’kidladi.

– O‘tmishimiz yutuqlarga to‘la, kelajagimiz bundan-da ulkan zafarlar bilan belgilab qo‘yiladi, dedi u.

Bosh direktor bugungi kunda turk matbuoti o‘z tarixidagi eng muhim va burilish nuqtalaridan birida ekanini qayd etdi.

Serdar Karagyoz jurnalistika – jamiyatga xizmat qilish muhimligini anglab yetgan, har qanday qiyinchilikka qaramay o‘z burchini ado etishdan bosh tortmaydigan insonlar da’vati ekanini ta’kidladi. “Jurnalistika nafaqat kasb, balki hayot tarzidir” deb qo‘shimcha qildi u.

Bayram dasturi doirasida axborot agentligi xodimlaridan tashkil topgan “Anadolu” musiqa guruhining chiqishlari bo‘lib o‘tdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA