Buxoro viloyati Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 6 gektar yer maydonida 240 megavatt kuchlanishga ega issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda.

Yuz foiz xorij sarmoyasi asosida, umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga teng megaloyiha Turkiyaning “AKSA ENERJY URETIM A.S.” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilyapti. Investorlar tomoni elektr stansiyasi uchun chet eldan 40 million AQSH dollaridan ortiq sarmoyaga zamonaviy texnologiya olib kelib, yirik konstruksiyali korxona qurilishi  boshlandi. Elektr stansiyasi uchun 20 kilometr masofadan tabiiy gaz, 5 kilometr masofadan suv quvuri, qolaversa, yo‘l va boshqa zarur muhandislik–kommunikatsiya tarmoqlari tortilib, yaqin-yaqingacha sho‘rxok, tashlandiq holdagi yer obod qilindi va ishlab chiqarish uchun qulay sharoit yaratildi.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, shu kunga qadar Buxoro viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lmagan. Holbuki, so‘nggi yillarda aholi soni barobarida xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun iste’mol sarfi keskin oshib  borayotgani bu boradagi talab va ehtiyojni qondirish va qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirishni taqozo etmoqda. Aniqrog‘i, aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi so‘nggi 5 yilda 150 megavatt miqdorga o‘sgan. Shu boisdan, 2022 yilda Buxoro tumanida tabiiy gaz porshenli elektr stansiyasining qurib ishga tushirilgani bu boradagi tanqislik va yetishmovchilik o‘rnini to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Boshqacha aytganda, yangi tajriba va zamonaviy yondashuv asosidagi mazkur loyiha tufayli tarmoqqa qo‘shimcha 270 megavatt hajmdagi quvvat qo‘shildi. Bu esa amalda 1 millionta xonadonni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.

– Ishlab chiqarish hajmi 2,2 milliard kilovatt soatga teng mazkur yirik istiqbolli loyiha bilan qardosh O‘zbekistonda ekanligimizdan mamnunmiz, – deydi xorijiy investor vakili, issiqlik elektr stansiyasi boshlig‘i Atilla Nazif Atay. — Bu “AKSA ENERJY URETIM A.S.” kompaniyasi faoliyati tarixidagi eng yirik investorlik loyihasi. Ayni kunda qardosh yurtda uchta xuddi shunday tabiiy gaz issiqlik elektr stansiyalarini qurib, 12–18 oyda ishga tushirmoqdamiz. Bu ham davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va teng manfaatli hamkorlik rivojidan darak, albatta. Ayni paytda biz, Buxoro va Toshkent viloyatlarida amalga oshirayotgan zamonaviy texnologiyalar asosida qurgan 3 ta stansiyamizda bug‘ trubinalari bilan birlashtirilgan yaxlit siklni amalga oshirib, natijada ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan tabiiy gazni tejashga va resurs samaradorligiga erishmoqdamiz. Bu mamlakat iqtisodiyoti uchun ham qo‘shimcha qiymat ulushi hisoblanadi.

2022 yil hisob-kitobiga ko‘ra, Buxoro tumanida faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan tabiiy gaz porshenli issiqlik elektr stansiyasi tomonidan iste’molchilarga 1,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

– Albatta, bugungi elektr energiyasi tanqisligi davrida bu stansiyaning aholi turmush darajasini yaxshilashdagi o‘rni va ahamiyati katta, – deydi mehnat faxriysi, 80 yoshli otaxon Muhammad Jamolov. – Qolaversa, surishtirib bildikki, qarovsiz va noobod yerda barpo qilingan zamonaviy majmuaning ekologiya va atrof-muhitga, qolaversa, odamlar salomatligiga hech qanday salbiy ta’siri yo‘q. Negaki, unda tabiiy gaz resursi yirik hajmli qozonlarda borayotgan qayta ishlash jarayoniga yo‘naltirilmoqda. Yana bir dolzarb jihati, bu yerda endilikda 80 nafarga yaqin yosh mutaxassis ishli bo‘ldi.

Issiqlik elektr stansiyasi mamlakatimiz elektr ta’minoti tizimi uchun ham mutlaqo yangicha modul. Uning Buxoroda qad rostlagani sababi ham yuqorida aytilganidek, avvalo talab va ehtiyojga uzviy bog‘liq. Qolaversa, ayni kunda tarmoqda yangi loyihalar qatorida Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 megavatt soatga teng 2 ta shamol elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Shuningdek, Olot tumanida ishlab chiqarish quvvati 250 megavattga teng quyosh elektr stansiyasi loyihalashtirilgan va bu borada amaliy harakat boshlangan. Boshqacha aytganda, birgina Buxoro viloyatining o‘zida yuqoridagidek, “Yashil loyiha”lar hajmi 1250 megavattni tashkil etmoqda. “AKSA ENERJY BUKHARA” korxonasi esa tarmoqda ta’minotni barqarorlashtirish va muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.

Yuz foiz xorijiy kapital asosidagi  “AKSA ENERJY URETIM A.S.” kompaniyasining Buxorodagi gigant loyihasi – issiqlik elektr stansiyasi ayni kunda viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 70 foizga yaqinini qoplashi mumkinligi e’tirof qilinmoqda.

Mazkur korxona tufayli mamlakatimizdagi elektr stansiyalarining yalpi ishlab chiqarish quvvati esa 740 megavatt soatga oshirilmoqda. Turk investorlarining maqsadi esa bu borada mamlakatimiz energetika bozoridan muqim va mustahkam o‘rin egallash.


Zarif Komilov, O‘zA