Pokiston o‘tgan yili yuz bergan kuchli yomg‘irlar hamda suv toshqinlaridan katta talofat ko‘rdi.
Mamlakatni qayta tiklash uchun 16 milliard dollar zarur bo‘lmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Pokistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi tayyorgarlik masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyaning ochilishida so‘zga chiqib, shu haqda ma’lum qildi.
Konferensiya dushanba kuni Jenevada ochildi. Unda Pokiston va boshqa o‘nlab mamlakatlar hukumatlari a’zolari ishtirok etgan, shuningdek, konferensiya ishida xususiy sektor va fuqarolik jamiyatlari vakillari ham qatnashgani ma’lum qilindi.
Ayni bosqichda ishtirokchi mamlakatlar Pokistonga 9 milliard dollar miqdorida yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan, deb yozmoqda Reuters.
«O‘tgan yili iyun oyida mamlakatda yuz bergan dahshatli iqlim falokati 1 ming 700 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. 33 million kishi turli darajada jabr ko‘rdi. 8 million kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, 9 million kishi toshqinlar oqibatida qashshoqlikka yuz tutdi», — deya ishtirokchilarga ma’lumot berdi Antoniu Guterrish.
Xabarda ta’kidlanishicha, Janubiy Osiyo mintaqasi dunyoda kechayotgan iqlim inqirozi xaritasida vaziyat eng keskin bo‘lib turgan nuqtalardan hisoblanadi. Mazkur hududda tabiiy falokatlar natijasida odamlarning qurbon bo‘lishi ehtimoli ham sayyoramizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 15 barobarga yuqori ekani aytilmoqda.