Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Asosiy masalaga o‘tishdan avval davlatimiz rahbari mamlakatimizga kirib kelgan sovuq havo ta’sirini betalafot o‘tkazish choralariga to‘xtalib o‘tdi.

Barcha tuman va hududlarda tashkil etilgan shtablar uzluksiz ishlashi kerakligi, aholi ehtiyojlari tezkor hal etib borilishi shartligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya va issiqlik bilan ta’minlashni alohida nazoratga olish zarurligi qayd etildi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga yo‘llarni tozalash ishlarini va transport vositalarining xavfsiz harakatini tashkil etish topshirildi.

Barcha serqatnov yo‘nalishlarda jamoat transportining uzluksiz harakati ta’minlanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasi rahbariyati oldiga har bir viloyat, tuman va shahardagi ahvol bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatib, joylardagi muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA