Hukumatning joriy yil 6 yanvardagi «Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, respublika qishki sport maktabining asosiy vazifalari belgilandi.
Qishki sport turlari bo‘yicha o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarning qishki sport turlari bo‘yicha maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish shular jumlasidandir.
Respublika qishki sport maktabi 2024/2025 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi hamda maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Maktabni tashkil etish va sport inshootlarini qurishda qishki sport turlari (figurali uchish, konkida uchish, short-trek, hokkey) bilan o‘quvchilarning doimiy mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun zamonaviy yopiq muz saroyi va ochiq sport maydoni hamda maxsus trenajyor zaliga ega bo‘lishi lozim.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi Prezidentning 2022 yil 1 iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
O‘zA