Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 6 ming 700 dan ziyod yer uchastkalari auksionga qo‘yilgan. Yer uchastkalarining 2 ming 200 dan ziyodi mulk huquqi, 4 ming 500 ga yaqini ijara huquqi asosida sotilgan.

Xo‘sh, Davlat kadastrlari palatasida 2023 yildagi rejalar qanday? Aholi uchun yer uchastkalarini sotish va auksionga qo‘yish borasida yana qanday imkoniyatlar yaratildi? Shu kabi savollarga Davlat kadastrlari palatasi Yerlarni auksionga chiqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Zuhriddin Faxriddinov quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Joriy yil mobaynida Yerlarni auksionga chiqarish bo‘limi tomonidan yerlarni kelishish, ko‘rib chiqish, auksionga tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha monitoring va nazorat ishlari amalga oshirildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 fevraldagi 71-sonli qaroriga asosan hozirgi kunda 90 mingdan ziyod yer uchastkalari elektron avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritildi. Shuningdek, ushbu qarorning 3-ilovasi bilan tasdiqlangan nizomga asosan yakka tartibdagi turar joy qurish uchun esa 1 ming 500 ta yer uchastkalari “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritildi va 200 dan ortiq yer uchastkalarini auksion savdosiga chiqarish choralari ko‘rildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 71-sonli qaroriga joriy yilning 30 noyabr kuni holatida Vazirlar Mahkamasining 685-sonli qaroriga asosan tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

“YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga xulosa berish, ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirildi.

Xususiylashtirish tizimida esa uy-joyni xususiylashtirish narxlari 20 barobardan viloyat markazlarida 10 barobarga, tumanlarda esa 5 barobarga qisqartirildi.

2023 yilda Vazirlar Mahkamasining 685-sonli qaroriga asosan tizimga o‘zgartirishlar kiritish kutilmoqda. Ushbu tizimda yangi uslubda  qisqa muddatda yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish ishlarini jadallashtirish, 50 mingga yaqin yer uchastkalarini tizimga kiritish va savdoga chiqarish jarayonlari rejalashtirilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA