Oila buzilgan va ota-onadan biri o‘z farzandi uchun moddiy ta’minot — aliment to‘lashdan bosh tortgan hollarda alohida yashovchi ota yoki onaning bola ta’minotida ishtiroki o‘ta dolzarb masalaga aylanadi.

Mamlakatimizda belgilangan qonunchilikka ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdir. Shuningdek, alohida yashovchi ota yoki ona voyaga yetmagan farzandi ta’minotida turli shakllarda ishtirok etishga haqlidir.

Majburiy ijro byurosi Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2014 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor A.Tuychiyevdan undiruvchi G.Amantayeva foydasiga 1/4 qism miqdorida aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjati kelib tushgan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Qarzdor A.Tuychiyev tomonidan 2014 yildan bugungi kunga qadar aliment pullari to‘liq to‘lanib kelingan va davlat ijrochisi F.Maqsudov tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida qarzdor ota tomonidan farzandi 18 yoshga to‘lgunga qadar aliment pullari, ya’ni 104 million 507 ming so‘m oldindan undiruvchi G.Amantayevaga to‘liq undirilib berildi.

Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 41-moddasiga asosan ijro hujjati tamomlandi.

Aslida alimentni hisoblash tartibi qanday?  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, aliment to‘lovchining to‘laydigan aliment miqdorini mib.uz kalkulyatorida hisoblash mumkin. Buning uchun mib.uz orqali aliment kalkulyatori bo‘limiga kirib, kerakli ma’lumotlar to‘ldirilsa, qancha aliment olish yoki to‘lash lozimligi ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda yaqinda tasdiqlangan statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘rtacha oylik ish haqi 2 176 185 so‘m etib belgilandi. Endilikda ishsiz bo‘lgan aliment to‘lovchi bir nafar farzand uchun 544 ming 146 25 so‘m, 2 nafar farzand uchun 725 ming 528 33 so‘m, 3 nafar va undan ortiq farzand uchun 1 088 292 50 so‘m aliment to‘lashi lozim bo‘ladi.


Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA