Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 107 ming vakant ish o‘rinlari mavjud bo‘lib, Milliy vakansiyalar bazasida “Talabalar uchun ish” alohida funksional hamda 99 ta oliy ta’lim muassasalarida “Karera markaz”lari tashkil etilgan.

Talabalarning bandligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar qilinyapti. Ya’ni, joriy yil noyabr oyi holatiga 49 ming nafardan ortiq talaba, shundan 3 ming 525 nafar chin yetim, nogiron hamda ijtimoiy himoya reyestrdagi daftarlarga kiritilgan talabalar ish bilan ta’minlandi.

Talabalar bandligini ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalarida 480 dan ortiq xonalar bepul ajratilib, 340 dan ortiq maishiy xizmatlarda talabalarning tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yil yakuniga qadar bandligi ta’minlangan talabalar sonini 85,5 ming nafarga, ushbu ko‘rchatkichni 2023 yil maygacha 100 ming nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ushbu ma’lumotlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Unda xalq vakillari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining “Ishlashga ehtiyoji bo‘lgan talabalar bandligini ta’minlash, “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi haqidagi axborotini eshitdi.

Eshituvda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari ta’kidlaganidek, tizimni raqamlashtirish maqsadida kontrakt.edu.uz, prof-kontrakt.edu.uz, magistr.edu.uz, stipendiya.edu.uz, diplom.edu.uz, adabiyot.edu.uz, kasb.edu.uz, unilibrary.uz kabi elektron platformalari ishga tushirildi. Imtihon jarayonida korrupsiyaviy yoki jonli efirga uzatish tartibiga rioya etilmaslik holatlariga duch kelinganda vazirlikning rasmiy telegramdagi boti(EduAntiCorruption)ga yoki 1006 ishonch raqami orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, tadbirda talabalar turar joylarini barpo etish borasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, jami 32 ming 106 o‘rinli 63 ta loyiha, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 22 ming 16 o‘rinli 42 ta, oliygoh va byudjet mablag‘lari hisobidan 2 ming 800 o‘rinli 7 ta, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan 4 ming 640 o‘rinli 9 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 2 ming 650 o‘rinli 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning 21 ming 977 o‘rinli 45 tasida qurilish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar turar joylarini barpo etish uchun 2022 yilda Davlat byudjetidan jami 178,6 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berilgan.

Eshituvda kun tartibidagi masalalar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputatlar raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, talabalar bandligini ta’minlash hamda sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qator taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

M.Komilova,  

O‘zA