O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Ichki ishlar organlarining safdor va serjant lavozimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida qabul qilingan 118 nafar xodimning boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik hamda 84 nafar xodimning «mayor» maxsus unvonini olish uchun o‘quv kurslari yakunlandi. Shu munosabat bilan tinglovchilarning bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, xodimlarning o‘quv kursi vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida tashkil etildi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat an’anaviy usullarda, balki zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini hamda interfaol usullarni qo‘llagan holda davra suhbati, bahs-munozara, seminar-trening, amaliy mashg‘ulot shakllarida olib borildi.

O‘qish davomida tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar, jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Ahmedov, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalardagi yangilanish va o‘zgarishlarga hamohang tarzda ichki ishlar organlari tizimlarida ham bir qator islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi. Bundan ko‘zlangan maqsad sohani jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, har qanday tahdid va xatarlarga qarshi kurasha oladigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qodir yetuk malakali kadrlarni tarbiyalashdir.

Tadbir davomida o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga diplom va sertifikatlar berildi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA