Bugun Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Investitsiyalar vazirligi hamkorligida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari hamda yuzdan ziyod yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishdi.

Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga tashrifi so‘nggi yillarda ijobiy rivojlanish dinamikasini namoyon etayotgan O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatni yanada kengaytirishga turtki berganini ta’kidladilar.

Jumladan, joriy yil yanvar-noyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan to‘qqiz barobarga oshgan.

Investitsiyaviy hamkorlikda ham ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda – so‘nggi bir necha yil ichida respublikamizda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni besh barobarga oshdi.

Saudiya kompaniyalari bilan birgalikda energetika, neft-kimyo, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 17 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish, banklarni transformatsiyalash, samarali fond bozorini shakllantirish, ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishga qat’iy sodiqlik bildirildi.

Tashqi savdo hajmi va geografiyasini kengaytirish uchun ochilayotgan imkoniyatlar, jumladan, mintaqaviy bozorlar va “GSP+” imtiyozlari asosida Yevropa Ittifoqi bozorlariga erkin kirish imkoniyatidan samarali foydalanish, yirik mintaqaviy transport loyihalarini ilgari surish orqali savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish va mamlakatning JSTga kirish bo‘yicha sa’y-harakatlari xususida so‘z yuritildi.

– O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni boy tabiiy resurslarga, ulkan sanoat salohiyatiga ega. Biz O‘zbekistonda ham, Saudiya Arabistonida ham yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalarni tashkil etishni rejalashtiryapmiz, ular kelgusida aholisining umumiy soni 1,4 milliarddan ko‘proq potensial iste’molchisi bo‘lgan mintaqaviy va Yevropa bozorlariga, shuningdek, Arab erkin savdo hududi mamlakatlariga eksport qilinadi, – dedi Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqida.

O‘z navbatida Saudiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning sur’ati va samaradorligini, ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni tubdan kengaytirish imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi va Saudiya Arabistoni tadbirkorlarini o‘zaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdi.

Shuningdek, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik, infratuzilma qurilishi va turizm kabi sohalardagi investitsion hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berildi.

Forum doirasida tashkil etilgan “B2B” va “G2B” muzokaralarida ishbilarmon doiralarning aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikda ishlashga qiziqayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Tadbir yakunida ikki tomonlama ustuvor tarmoqlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

 

B.Xudoyberdiyev,  

D.Ernazarov (surat),  

O‘zA