Prezidentimiz bu yilgi Murojaatnomasida Yangi O‘zbekistonni «ijtimoiy davlat» tamoyili asosida qurish maqsad qilinganligi va bu maqsad Bosh qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiyamizda mustahkam muhrlab qo‘yilayotganligini ta’kidladi.

Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun bugun bizda barcha imkoniyat va salohiyat mavjud. Xususan, o‘tgan olti yillikda ijtimoiy davlat qurish orqali eng avvalo, mamlakatimizdagi insonlarga salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, munosib hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buni birgina kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Birinchi navbatda, Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilayotganligi kishini quvontiradi. Bugun ta’limning qaysidir bo‘g‘ini oilasiga daxldor bo‘lmagan biror bir xonadon yo‘q. Sababi, har bir oilada kimningdir farzandi, nevarasi, aka-ukasi ta’limning qaysidir bosqichida tahsil olib keladi yoki o‘sha oilani biror a’zosi ta’lim tizimida mehnat qiladi.

Maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri etib belgilandi. Buni 2023 yilga «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim» yili deb nom berilganligida ham ko‘rish mumkin.

Shuningdek, kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, o‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlash, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalari shakllantiriladi. Bu borada Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma’qullangan “A-level” ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgani o‘z samarasini bermoqda.

Ya’ni har bir o‘quvchi o‘zining qobiliyatiga qarab, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur o‘qitiladi, dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyatlari kengayadi. Shu bois, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi yanada jadallashtiriladi.

Bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinadi. Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi.

Kelgusi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning sonini mingtaga yetkazamiz. Bu esa, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyamizda belgilangan xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ma’lumki, 2022 yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgan edi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi. Buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi. Jarayonlarni shaffof tizim asosida tashkil etish, farzandlarimizni sog‘lom va sifatli ovqat bilan ta’minlashga Xalq ta’limi vaziri mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Ta’lim sohasidagi navbatdagi muhim yo‘nalish, bu – yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish. Chunki, bugun zamonaviy texnologiyalar asri bizdan har bir jabhada yetuk mutaxassislarni yetishtirib berishni talab etmoqda.

Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlardan samarali foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshirilib, har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi.

Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi.

Umuman olganda, kelgusi yilda ta’lim tizimiga qaratilayotgan bunday e’tibor va investitsiya belgilab olgan maqsadlarimizni bekami-ko‘st kutilganidanda yuqori natijalar bilan qo‘lga kiritishimizga xizmat qiladi.

Zero, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda”. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi.

 

Muzafara Abdiyeva,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati