Bugun O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining IX Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning 2022 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijrosi, Prezidentimiz Murojaatnomasidagi vazifalardan kelib chiqib, partiyaning 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Plenumda partiya Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov ma’ruza qildi:

–2022 yilda partiya dasturiy vazifalarini amalga oshirish maqsadida aholining keng qatlami bilan yuzma-yuz muloqot tashkil qilindi. Uchrashuvlarda aholini qiynab kelayotgan, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi. Bunda ayniqsa, “fraksiya – markaz – viloyat – tuman” konsepsiyasi o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Hisobot davrida partiya a’zolari soni 41 ming 102 nafarga ko‘payib, umumiy a’zolar soni 558 ming 308 nafarni, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa 372 taga o‘sib, 6 ming 750 tani tashkil qilgan.

Tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan beg‘araz insonparvarlik aksiyasi doimiy ravishda tashkil etib kelinmoqda. “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasida jami 3 ming 345 nafar ko‘ngillilar qatnashib, 1170,75 litr donorlik qoni yig‘ilganligi alohida tahsinga sazovor, – dedi partiya rahbari.

Shuningdek, ma’ruzada partiya tomonidan xotin-qizlar bilan maqsadli va manzilli tartibda ishlash amaliyoti, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, xotin-qizlarning sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. “Bir oyda – bir ish o‘rni” loyihasi doirasida jami 1 ming 776 nafar xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, “Bir adolatchi – yuz ayolga himoyachi” loyihasi doirasida xotin-qizlarni turli xil tazyiq va zo‘ravonliklardan himoyalash maqsadida “Ayollarni zo‘ravonliklardan himoyalaymiz” mavzularida jami 840 marta uchrashuvlar tashkil etilib, 65 ming 300 nafar xotin-qizlar bilan suhbatlar olib borilgan. Suhbatlar davomida xotin-qizlarga “Himoya orderi”ni berish tartiblari tushuntirildi va 183 nafar ayollarga order olib berildi.

Plenumda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlari faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek,  mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan 3000 ga yaqin deputatlik so‘rovlari chiqarilib, 2 ming 135 marotaba mansabdor shaxslarning hisobotlari eshitilgan. Doimiy komissiyalarga 1067 ta, sessiyalarga esa 537 ta masala kiritilgan. Natijada sessiya va doimiy komissiyaga kiritilgan masalalardan kelib chiqib, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan mas’ul mansabdor shaxslarga aniq topshiriqlar berildi hamda Kengashning tegishli komissiyasi tomonidan qarorlar ijrosi nazoratga olinishi belgilangan.

Plenumda 2022 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining 9 oylik ijrosidagi bir qancha yutuq va kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, 2023 yilda amalga oshirishi rejalashtirilgan ustuvor yo‘nalishlar va ahamiyat qaratilishi kerak bo‘lgan qator masalalar qayd etildi.

Xususan, Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan qator taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyatini tushuntirish va ijrosini ta’minlashda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faollik ko‘rsatishi lozimligi ta’kidlandi. Ayniqsa, Murojaatnomada qayd etilgan sud-huquq, korrupsiyaga qarshi kurashish, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot va energetika sohalariga oid taklif hamda vazifalar partiya dasturiy maqsadlariga hamohang ekanligi, shu bois partiya deputatlik korpusi hamda tashkilotlari turli loyihalarni yo‘lga qo‘yishi lozimligi ta’kidlandi.

Plenumda partiyaning viloyat kengashlari raislari hamda deputatlari ham so‘zga chiqib, amalga oshirgan faoliyati hamda kelgusidagi rejalari  yuzasidan ma’lumot berdi.

 

Muhtarama Komilova,  

Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA