Janubiy Koreyaning yetakchi matbaa nashrlaridan biri – “The Korea Post” jurnalining onlayn sahifasida yaqindagina Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi yakuniga bag‘ishlangan maxsus maqola chop etildi.
Muallif ushbu tadbirda YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari, YUNESKOga a’zo davlatlar ta’lim vazirlari, shuningdek, ilm-fan va ta’lim sohasida jahonning taniqli namoyandalari qatnashganin qayd etgan.
Maqolada ushbu nufuzli anjuman har bir bolaning tug‘ilgan kunidan boshlab sifatli parvarish va ta’lim olish huquqini yana bir bor tasdiqlagani barobarida, a’zo davlatlarni barcha bolalarning sifatli erta bolalik ta’limidan foydalanish imkoniyatini, kichik yoshdagi rivojlanish sifatini yaxshilashga, bolalarni boshlang‘ich maktabga kirishga tayyorlash uchun g‘amxo‘rlik qilish va erta bolalik ta’lim dasturlariga sarmoyani ko‘paytirish bo‘yicha majburiyatlarini yangilash va kengaytirishga chaqirgani tafsiloti ham qalamga olingan.
Ma’lum qilinganidek, “Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, dunyoda maktabgacha ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi, millionlab bolalarning boshlang‘ich ta’lim olish imkoniyati cheklanganiga urg‘u berdi. Shu sababli kichik yoshdagi bolalarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislarning vazifasi barcha bolalar ta’lim xizmatidan teng foydalanishini ta’minlash uchun kuchlarni birlashtirish va qamrab olishni kengaytirish zarur. Ana shunday sa’y-harakatlar zamirida O‘zbekiston Respublikasida “inson qadri, uning huquqi va manfaati – oliy qadriyat” tamoyilidan kelib chiqib, xalq uchun munosib ta’lim-tarbiya sharoiti yaratish Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangani ta’kidlandi”.
Janubiy Koreya nashri O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, xususan, maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YUNESKO mintaqaviy markazini tashkil etish, kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlar olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini joriy etish, metodik qo‘llanmalar tayyorlash, ilg‘or tajriba, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslubi, amaliy bilim va ko‘nikma bilan o‘zaro almashish maqsadida Tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish, 2024 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Kelajak sammitining umumiy kun tartibiga asosiy mavzulardan biri sifatida kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalasini kiritish kabi muhim takliflarning dolzarbligiga e’tibor qaratgan.
O‘zA