Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir qator qonun loyihalari va boshqa masalalar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Majlisda dastlab “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– Amaldagi qonunchiligimizda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik, tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan, – dedi deputat Zumrad Bekatova. – Bu kabi omillar esa turli muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ushbu hujjatda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlarda javobgarlik, mazkur ishning taalluqliligi va uni ko‘rib chiqish muddatlari o‘z aksini topmoqda.

Xususan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilanmoqda.  Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida bir qator tahririy va boshqa tuzatishlar kiritildi, ayrim moddalar to‘ldirildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi yuzasidan deputatlar o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Narkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha  qanday normalar belgilanmoqda?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Yurtimizda narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash, bunday kasallikka chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirgi kunda narkologik kasallikka chalingan shaxslarni ambulatoriya va statsionar sharoitlarida nafaqat tekshirish, maslahat berish, tashxis qo‘yish va davolash, balki ularni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq narkologik yordam turi ham ko‘rsatib kelinmoqda.

Shunga ko‘ra, narkologik kasallikka chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq davlat tomonidan kafolatlangan narkologik yordam turi sifatida belgilash zarurati yuzaga kelmoqda. Shu maqsadda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Narkologik yordam to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila a’zolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalari asosida ichki ishlar organlari tomonidan tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.

Fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzish, psixoaktiv moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish holatlarining barvaqt oldini olishda ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida qonun loyihasi bilan narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan ham rasmiylashtirish belgilanmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi narkologik kasallikka chalingan shaxsni ichki ishlar organlari xodimlarining ham tashabbusiga ko‘ra, majburiy davolashga yo‘naltirish, tibbiyot muassasasiga joylashtirishgacha to‘planadigan materiallarni tarqoq holda emas, balki markazlashgan holda tibbiyot muassasalaridan olishi, shuningdek, sud majlislari videokonferensaloqa rejimida ham ko‘rib chiqilishi orqali shaxsni davolanishga yuborishgacha bo‘lgan vaqtni qisqartirishga xizmat qiladi.

Appelyatsiya berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartiriladi

Majlisda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov ma’ruza qildi:

– Sud qarorlarining qonuniyligini asosli, adolatli ekanligini tekshirishda “Bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida kassatsiya instansiyasida ishlarni ko‘rish Oliy sud vakolatiga o‘tishi o‘rta bo‘g‘in – viloyat sudlari imkoniyatlaridan samarali foydalanishni cheklamoqda. 2020 yilda 1 ming 291 ta, 2021 yilda 7 ming 560 ta, 2022 yilning 10 oyida 5 ming 540 ta ishlar Oliy sudda ko‘rilgan. Natijada Oliy sudda ish hajmi keskin oshib ketgan, shu bilan birga, fuqarolar olis hududlardan ortiqcha vaqt va xarajat sarflab Oliy sudga kelishga majbur bo‘lmoqda. Qolaversa, Oliy sudda ish hajmining ortib ketishi natijasida ayrim hollarda ishlarni ko‘rish muddatlari buzilishiga hamda sudyalarning ish sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layapti. Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining bir oylik o‘rtacha ish hajmi 89 tani tashkil qilgan. Buning oqibatida shikoyatdagi vajlar har taraflama tekshirilmay, ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmasdan, sud qarori bekor qilinib, quyi sudlarga yuborish holatlari ko‘paygan. Shu bilan birga, apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan ishlarning kelgusida kassatsiya instansiyasida ko‘rib bo‘lmasligi haqidagi qonun talablari fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Bu kabi omillar esa sohani isloh qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

Qonun loyihasida sud qarorlari bo‘yicha appelyatsiya berish muddatini 20 kundan 10 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda. Umuman, loyihada belgilanayotgan normalar sudlarning mas’uliyatini oshirib, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatidan kengroq foydalanishga, ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi, – dedi Sh.Polvonov.

Majlisda qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Nodavlat MTTga 50 nafargacha bolani qamrab olish mumkin

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i kengaytirilishi hamda sohada nodavlat sektor ulushining oshirilishi munosabati bilan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘yicha ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, maktabgacha ta’lim va tarbiya xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sohada nodavlat sektor ulushini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ko‘pi bilan 25 nafar maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning ta’lim va tarbiya olishiga yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Bu esa bolalarni maktabgacha ta’lim va tarbiya bilan qamrab olinishini ko‘paytirishga to‘sqinlik qilyapti. Ushbu hujjat bilan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunga oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ta’lim va tarbiya berish uchun qabul qilinadigan bolalar sonini ellik nafargacha ko‘paytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari borasidagi amaliy ishlar xususida fikr-mulohazalarini bildirib, qonun loyihasi yuzasidan ham takliflar berdilar.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yanada kengaytirilishiga hamda bolalarni maktabgacha ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish darajasini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlab, uni ma’qulladilar.

1 gektar yer unumdorligini 5 ballga oshirish hisobiga tonnalab qo‘shimcha hosil olish mumkin

Qonunchilik palatasining majlisida “Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ma’ruza qildi.

– bugungi kunda mamlakatimizda tuproq unumdorligini oshirish, uni muhofaza qilish qonun bilan tartibga solinmagani natijasida ko‘plab salbiy holatlar yuzaga kelmoqda. Jumladan, respublikada o‘rtacha tuproq unumdorligi 1991 yilda 58 ball, 2001 yilda 55 ball, 2011 yilda 53,9 ball, 2021 yilda 53,7 ballni tashkil etyapti. Bu holatlar mamlakatimizda tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilishni alohida qonun bilan tartibga solish zarurligini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining ayrim moddalariga yer unumdorligini oshirish borasida normlar belgilangan. Ammo sohadagi bugungi kun talablariga yechim bo‘ladigan ko‘p masalalar ochiq qolgan.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 30 yilda sug‘oriladigan tuproq tarkibida gumus miqdori 10-15 foizga kamaygan. bugungi kunda 450 ming gektar sug‘oriladigan maydonlar mavjud. 1 gektar sug‘oriladigan yerning unumdorligi 5 ballga oshirilsa, paxta va bug‘doydan 300 ming tonnagacha, kartoshka va sabzavotlardan 250 ming tonnagacha qo‘shimcha hosil olish mumkin. 1 gektar sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish o‘rtacha 35 million so‘m, lalmi va yaylov yerlarni o‘zlashtirish esa 12 million so‘mni tashkil etishini hisobga olsak, tuproq unumdorligini oshirish muhim ekanligi anglashiladi.

Qonun loyihasida tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, tuproqlarning holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari o‘z aksini topmoqda. Bundan tashqari, loyihada jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida tuproq sifati yoki unumdorligining pasayishi natijasida yetkazilgan zararni qoplash masalalari belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi tuproqlar unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, toza tuproqda sifatli va xavfsiz mahsulot yetishtirish hamda  yaylov o‘simliklari bioxilma-xilligini oshirishga xizmat qiladi, – dedi vazir.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, qator takliflar bildirildi. Shundan so‘ng hujjat loyihasi qabul qilindi.

Jamg‘arma tomonidan sudlarga murojaat qilishda 2 milliarddan ortiq davlat boji to‘langan

Majlisda “Davlat bojini undirish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi davlat muassasasi shaklidagi davlat maqsadli jamg‘armasi hisoblanadi, – dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shaxrux Sharaxmetov. –Jamg‘arma mablag‘lari asosan Davlat byudjetining har yilgi tasdiqlanadigan ajratmalar doirasidagi mablag‘laridan shakllantiriladi. O‘tgan davrda Jamg‘arma tomonidan sudlarga murojaat qilishda 2 milliard 248 million 824 ming 670 so‘m davlat boji to‘langan. bugungi kunga qadar umumiy to‘langan davlat bojlarining 1 milliard 253 million 564 ming 847 so‘m qismini Jamg‘armaga qaytarilishida qiyinchiliklar vujudga kelgan. Ushbu qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 8, 9, 10-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida kelgusida Jamg‘arma mablag‘larining ortiqcha xarajatlarga sarflanishining oldi olinadi. Eng muhimi, byudjet tizimlari mablag‘laridan oqilona foydalaniladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Hujjatdagi ayrim normalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab takliflar berildi.

Shuningdek, majlisda chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanadigan soliq to‘lovchilarga ayrim soliq imtiyozlarini berishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.


Muhtarama Komilova, O‘zA