Ma’lumki, O‘zbekiston jami aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar – davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi, ertasining egalari hisoblanadi. O‘zbekiston tom ma’noda yoshlar mamlakati.

Har qanday davlatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda. Bu kabi imkoniyatlardan yoshlarimiz samarali foydalanmoqda.

Xususan, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘quvchilari navbatdagi olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Joriy yilning 12-13 dekabr kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida “MDHga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo fondi” ko‘magida matematika, fizika, kimyo fanlari bo‘yicha “Iqtidorlarni tayyorlash laboratoriyasi” xalqaro o‘smirlar olimpiadasi o‘tkazildi.

Mazkur olimpiadada har bir davlatdan 16 yoshgacha bo‘lgan 3 nafardan yoshlar ishtirok etdi. Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Ozodbek Axtamov kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘quvchilarimiz jamoaviy hisobda 4-o‘rinni egalladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA