2023 yil 1 sentyabrga qadar Sog‘liqni saqlash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda Moliya vazirligining tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida to‘liq joriy qilinadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z yuritildi.

Tez tibbiy yordamni raqamlashtirishda yagona Call-markazi tashkil etilib, xizmat doimiyligini ta’minlash maqsadida uzluksiz elektr energiya, yuqori tezlikdagi internet va telefon aloqasi, planshet hamda kompyuterlar bilan ta’minlanadi.

Call-markazlarda yagona intellektual chaqiruv platformasi, tez tibbiy yordam avtotransportlari uchun GPS yordamida sun’iy yo‘ldosh monitoringi tizimi, yagona elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv ABT “MedData 103″ hamda yagona qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish tizimi yaratiladi. Shuningdek, shifoxonalarda mavjud bo‘sh koykalarni onlayn tarzda elektron axborot tizimi orqali kuzatish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur ishlar uchun 56 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.

Tez tibbiy yordam xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasining pullik xizmatlari mablag‘lari jalb etiladi.

Ayni paytda tizimni rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy, innovatsion hamda xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish maqsadida konsalting masalalariga Jahon banki grant mablag‘larini jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

M.Qosimova, O‘zA