Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida beshta muhim tashabbus doirasida umumta’lim maktablari o‘rtasida joriy yilning iyun-noyabr oylari davomida san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan festival, tanlovlar hamda sport musobaqalarining mamlakat bosqichida g‘olib bo‘lgan va faol ishtirok etgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, yoshlarga e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratilib, Prezidentimiz tomonidan ushbu yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida besh tashabbus g‘oyasi ilgari surildi.

“Besh tashabbus san’at bilan”  shiori ostida “Yoshlar teatr studiyalari” tanlovida To‘rtko‘l tumanidagi 17-umumta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. “Besh tashabbus sport bilan” shiori ostida stritbol bo‘yicha o‘tkazilgan sport musobaqasida o‘smirlar o‘rtasida Nukus tumanidagi 31-umumta’lim maktabi jamoasi, qizlar o‘rtasida esa Nukus shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Robotlar jangi musobaqasida Kegayli, Xo‘jayli va Bo‘zatov tumanlari jamoalariga g‘oliblik nasib etdi.

“Besh tashabbus kitob bilan” shiori ostida o‘tkazilgan “Kitobxon maktab” tanlovida esa birinchi o‘rinni Ellikqal’a tumanidagi 47-umumta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi. Shuningdek, fan to‘garaklari g‘oliblari ham aniqlandi.

G‘oliblar  va faol ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar  topshirildi.

San’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA