3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni

Millati, ijtimoiy, tibbiy holatidan qat’i nazar, barchaga birdek mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish o‘zbek xalqi milliy fazilatlarining ustuvor jihatini tashkil etadi. Keyingi yillarda xalqimizning bu fazilati mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida o‘zgacha ma’no-mazmun bilan boyidi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etgan ushbu tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbari murojaatida ta’kidlanganidek, keyingi yillar davomida inson qadrini eng ustuvor qadriyat bilish, odamlarning dardini tinglash, o‘rganish, ularga o‘z vaqtida yechim topish masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Barcha vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimliklar mutasaddilari bevosita joylarga borib muammolarni o‘rganish, ularni tahlil etish, odamlarning dardini tinglash masalasini kun tartibining ustuvor jihatiga aylantirdi.

Bu borada alohida ehtiyojli, ko‘ngli yarim hamyurtlarimizni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganish, ularga tezkor, oqilona, o‘z vaqtida to‘g‘ri yechim topish, turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga amaliy yondashishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasi qog‘ozda emas, amalda o‘z ifodasini topmoqda.

Yurtimizda aholini kuchli himoyalash, nogironlikning oldini olish, odamlar salomatligini muhofazalashga doir qonunchilik hujjatlari muttasil takomillashtirib borilmoqda. Ijtimoiy himoyaning hech bir davlatda bo‘lmagan tizimi – “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” singari noyob ijtimoiy loyiha amaliyotga joriy etilishi muammolar toifasini to‘g‘ri aniqlash, bunda alohida ehtiyojli fuqarolarga aniq, maqsadli, manzilli tarzda ko‘mak ko‘rsatishning yangi davrini boshlab berdi.

bugungi kunda alohida ehtiyojli fuqarolar uchun ish beruvchilar tomonidan mehnat jamoalarida maxsus kvotalar ishlab chiqilgani barobarida, ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlari, sog‘liqni saqlash sohasida ular uchun zarur imkoniyatlar, imtiyoz va sharoitlarni yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Inklyuziv ta’limga oid yangi loyihalar, dasturlar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi asosida mamlakatimizning barcha hududlaridagi ixtisoslashtirilgan muassasalar, Saxovat, Muruvvat uylari, shifoxonalar, tibbiy-reabilitatsiya markazlari, sihatgohlar tubdan rekonstruksiya qilinmoqda. Tibbiy-reabilitatsiyaga oid ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nogironlikning asoratlarini kamaytirish, fuqarolarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi metodlar, texnologiyalar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining sana munosabati bilan yo‘llagan murojaati alohida ehtiyojli hamyurtlarimizga mehr va e’tibor ko‘rsatishning yanada yangi ufqlarini, galdagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatib bergani bilan ahamiyatlidir. Bu jihatlar nogironlikni belgilashning eskirgan tibbiy modelidan umume’tirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish, endilikda bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratish kabi kechiktirib bo‘lmas hayotiy masalalar bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ayni paytda nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlaridagi qamrov hajmini ikki barobar oshirish, hududlardagi o‘nga yaqin shunday markazlarni kengaytirib, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilishi diqqatga sazovordir.

Tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat USMONOVA, 
O‘zA muxbiri