Ranglar insonning hayotida muhim ahamiyatga ega. Boisi, rang va jilo inson didini shakllantiradi, uning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsata oladi. Qolaversa, rang ijtimoiy va iqtisodiy o‘sish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatadi.

E’tiborli jihati, har yili turli ranglar urfga kirib, nafaqat moda olamiga, balki ishlab chiqarish, qadoqlash singari ko‘plab yo‘nalishlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Ayniqsa, san’atshunoslar, xotin-qizlar kelayotgan yilda qaysi rang urf bo‘lishini oldindan bilishni istaydi.

Ana shunday qiziquvchilar uchun “Pantone” rang instituti muhim ma’lumotni e’lon qildi. “Pantone 18-1750 Viva Magenta” – karmin qizil 2023 yil rangi sifatida e’lon qilindi.

“Pantone 18-1750 Viva Magenta” qizillar oilasidan kelib chiqqan va eng qimmatli tabiiy bo‘yoq bo‘lib, dunyoga ma’lum eng kuchli va yorqin bo‘yoqlardan biridir”, – deydi institut ijrochi direktori Leatris Eyzeman. – Shuningdek bu rang “kuchli, qo‘rqmas va ilhomlantiruvchi”, deya ta’riflanadi.

“Bu yangi qizil rang quvonchdan zavqlanish, tajriba va o‘zini cheksiz ifoda etishga undaydi”, deyiladi nashrda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, yilning “Pantone” rangini tanlash jarayoni trend tahlilini talab qiladi. Mutaxassislar yangi rangli yechimlar izlash uchun dunyoni o‘rganadi. Bu ko‘ngil ochar tadbirlar, kino sanoati, badiiy to‘plam va rivojlanayotgan rassom, moda, dizaynning barcha sohalari, mashhur sayohat yo‘nalishlari, shuningdek, butun sayyora hayotidagi yangi tendensiyani o‘z ichiga olishi mumkin. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit ham tahlil qilinadi.
Yilning “Pantone” rangi ko‘plab sohalar, jumladan, moda, uy jihozi va sanoat dizayni, mahsulotni qadoqlash va grafikali dizayn, mahsulotni ishlab chiqarish va sotib olishga ham ta’sir qiladi.

G.Sattorova,
O‘zA