Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, mahalliy hokimliklar tomonidan 629 ta ob’ektni Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif berilgan. Mazkur ob’ektlarning madaniy qimmati va tarixiyligi o‘rganib chiqilmoqda.

Madaniy meros agentligi ishchi guruhi tomonidan hududlardagi madaniy meros ob’ektlari holati va muammolari o‘rganilgan va uch toifa (avariya, ta’mirtalab va qoniqarli holat)ga ajratilgan. 2023 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati shakllantirilgan.

Madaniy meros agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan tarixiy-madaniy ekspertiza xulosalari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgan. 1 ming 407 ta tarixiy-madaniy ekspertiza xulosalari agentlikning Ilmiy-ekspert kengashida o‘rganib chiqiladi.

Madaniy meros ob’ektlarida davlat nazoratini olib borish yuzasidan 2 ming 208 ta ob’ektda monitoring olib borilgan. Shuningdek, 2023 yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan 58 ta madaniy meros ob’ektining manzilli ro‘yxati tasdiqlanib, ularni restavratsiya qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Bugunga qadar Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi tomonidan Buxoro shahridagi Ark qal’asi Jome masjidi va Farg‘ona viloyati Rishton tumanida joylashgan Burxoniddin Al-Marg‘iloniy maqbarasini restavratsiya qilish bo‘yicha bitim imzolangan. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Madaniy meros agentligi o‘rtasida Madaniy meros sohasini raqamlashtirish bo‘yicha grant ajratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA